Ehtiyojmand oilalardagi talaba xotin-qizlar kontrakti uchun 22 million so‘mgacha yordam olishi mumkin

Ehtiyojmand oilalardagi talaba xotin-qizlar kontrakti uchun 22 million so‘mgacha yordam olishi mumkin

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar yoki ikki va undan ortiq farzandi talaba bo‘lgan oilalarning bir nafar farzandi uchun kontrakt pulining bir qismi qoplab beriladi. Bunda to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan (22 million so‘mdan) oshmagan miqdorda yordam ajratiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentyabrdagi “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-193-son Farmoniga muvofiq, “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamning yangi yo‘nalishlari joriy etildi.

 

Unga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xotin-qizlari yoki ikki va undan ortiq farzandi talaba bo‘lgan oilalarning bir nafar farzandi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘ining bir qismi qoplab beriladi.

 

Yordam miqdori kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan (22 million so‘mdan) oshmaydi. Mazkur yordam bir o‘quv yili uchun bir marta ajratiladi.

 

Ushbu imkoniyatdan oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida tahsil olayotgan xotin-qizlar foydalanishlari mumkin.

 

Shuningdek, oilaning ehtiyojmandlik mezonlariga mos kelishi sharti bilan ushbu yordamdan har yili foydalanish mumkin.

 

Bundan tashqari, tuman (shahar) shtablari ajratilgan mablag‘lar doirasida ijtimoiy reyestrga kiritilmagan, biroq kambag‘allikka tushish xavfi mavjud bo‘lgan va boshqa ehtiyojmand oilalarga ham yordam ko‘rsatish haqida qaror qabul qilishi mumkin.

 

Ijtimoiy yordam olish uchun yashash joyidagi mahalla xotin-qizlar faoliga ariza bilan murojaat qilish mumkin.

 

Shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar toifalari oltitadan beshtaga qisqartirilgan, ko‘rsatiladigan xizmatlar yo‘nalishlari esa 46 taga kengaytirilgan. Prezidentning 11-sentyabrdagi PF–193-son Farmoni doirasida jamg‘arma hisobidan ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar soni esa 11 tadan 18 taga yetkazilgan. Ularning yettitasi yangi yo‘nalish hisoblanadi.