“Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” imtiyoz tizimda aks etmagani sabablarini tushuntirdi. Biroq ortiqcha to‘langan mablag‘lar qachon va qanday tartibda qaytarilishi hozircha ochiq qolmoqda.
Avval xabar berganimizdek, milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tgan ayrim pedagoglarda qonunchilikda belgilangan 50 foizlik to‘lov imtiyozi tizimda aks etmagan. Natijada ularning ko‘pchiligi to‘lov muddatini o‘tkazib yubormaslik uchun to‘lovni 100 foiz miqdorida amalga oshirgan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qarori bilan ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasi asosida pedagogik faoliyat olib borayotgan shaxslarga ayrim davlat xizmatlari uchun belgilangan to‘lovlarning 50 foizini to‘lash imtiyozi berilgan. Milliy sertifikat imtihonlari bo‘yicha ushbu imtiyoz 646-son qaror bilan tasdiqlangan nizomning 18¹-bandida ham belgilangan.
Mazkur masala yuzasidan Talimxabarlari.uz tahririyati tegishli tashkilotlarga rasmiy so‘rov yuborgan edi.
“Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” muammo sababiga izoh berdi.
Markazning ma’lum qilishicha, dastlab pedagoglar haqidagi ma’lumotlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli API xizmatlari orqali olish tashkil etilgan.
Biroq mas’ul idoralar tomonidan API xizmatlarini taqdim etish jarayonining uzoq davom etishi imtiyozni avtomatik qo‘llash mexanizmini ishga tushirish muddatlarining uzayishiga olib kelgan. Bundan tashqari, pedagogning maqomini tasdiqlash uchun bir nechta axborot tizimiga alohida so‘rov yuborilishi tizimlarga tushadigan yuklamani oshirgan.
Keyinchalik mazkur jarayon o‘zgartirilib, pedagoglar haqidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” — YMMT orqali markazlashgan holda olish mexanizmi joriy etilgan.
Hozirda tegishli davlat xizmatlari bo‘yicha imtiyoz YMMTning API xizmati orqali olinadigan, pedagogik faoliyatni tasdiqlovchi ma’lumotlar asosida qo‘llanmoqda.
Imtiyoz tizimda chiqmagan pedagog nima qilishi kerak?
Markazning tushuntirishicha, chegirma qo‘llanmagan pedagog o‘zining pedagogik faoliyatiga oid ma’lumotlar tegishli axborot tizimlarida to‘liq va to‘g‘ri aks etganini tekshirtirish, zarur bo‘lsa ularni yangilash uchun o‘zi faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotiga murojaat qilishi lozim.
100 foiz to‘lov qilgan pedagoglarning ortiqcha puli qaytariladimi? Bu savol hozircha ochiq qolmoqda.
Avvalroq Bilim va malakalarni baholash agentligi ortiqcha to‘langan mablag‘larni qaytarish tartibi va muddatlari amaldagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmaganini ma’lum qilgan edi.
“Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” esa mablag‘larni qaytarish, qaytarish tartibi va muddatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotni Ta’lim va ilm-fan vazirligi taqdim etishi maqsadga muvofiq ekanini bildirgan.
Demak, hozir asosiy ochiq savol — imtiyozga haqli bo‘la turib 100 foiz to‘lov qilgan pedagoglarning ortiqcha to‘lagan mablag‘i qanday va qachon qaytarilishi.
Talimxabarlari.uz mazkur masala yuzasidan ham tegishli tashkilotlardan rasmiy izoh olishda davom etadi.


