Ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga ish haqi saqlangan holda ijodiy ta’til beriladi

Ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga ish haqi saqlangan holda ijodiy ta’til beriladi

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan xodimlar PhD dissertatsiyasini yakunlash uchun uch oygacha, DSc dissertatsiyasi uchun esa olti oygacha ijodiy ta’tildan foydalanishi mumkin. Bu davrda xodimning o‘rtacha ish haqi va lavozimi saqlanib qoladi.

 

Mehnat kodeksining 387-moddasida ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan xodimlarga ijodiy ta’til berish tartibi belgilangan.

 

Unga ko‘ra, mehnat yoki pedagogik faoliyatini ilmiy ish bilan birga olib borayotgan shaxslarga asosiy ish joyida o‘rtacha ish haqi va lavozimi saqlangan holda ijodiy ta’til beriladi.

 

Jumladan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga doir dissertatsiyani yakunlash uchun uch oygacha, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olishga doir doktorlik dissertatsiyasini yakunlash uchun esa olti oygacha ijodiy ta’til ajratiladi.

 

Shuningdek, darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar qo‘lyozmalarining mualliflariga ham uch oygacha ijodiy ta’til berilishi belgilangan.

 

Mualliflar jamoalari tomonidan darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarini yozish chogʻida mualliflar jamoasi aʼzolaridan biriga mualliflar guruhining barcha aʼzolari imzolagan yozma arizaga muvofiq ijodiy taʼtil beriladi. Mualliflar taʼtilni oʻzaro taqsimlashga ham haqli.

 

Qonunchilikka ko‘ra, ilmiy daraja olishga da’vogarlar hamda darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar mualliflariga ijodiy ta’tildan foydalanganidan qat’i nazar, navbatdagi yillik mehnat ta’tili ham beriladi.

 

Ijodiy ta’tillarni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 

Avvalroq, dam olish yoki bayram kunlari ishlagan xodimga kamida ikki hissa haq to‘lanishi haqida xabar berilgandi.