O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq jazosi joriy etildi

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq jazosi joriy etildi

Endi 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan ayrim ogʻir jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bunday jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish muddatiga cheklov qoʻyilmaydi.

 

O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

 

Mazkur Qonun bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid normalar kuchaytirilib, 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.

 

Asosiy o‘zgarishlar:

 

  • 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan ayrim jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi;
  • bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun shartli hukm, muddatidan oldin ozod qilish va jazoni yengillashtirish choralari qo‘llanmaydi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddati ham bekor qilinadi;
  • bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini tergov qilishda ularni so‘roq qilish videoyozuvga olinadi. Yaqinlari zo‘ravonlik sodir etgan hollarda vasiylik va homiylik organi vakili ishtirok etadi;
  • bolaga qasddan g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, uning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni tarqatish va Bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar qarorlarini bajarmaslik uchun yangi ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
  • Shahvoniy shilqimlik, bolani tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik va nikoh qoidalarini buzish uchun jarimalar oshiriladi;
  • ta’lim jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagog bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinadi;
  • zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalar davlat hisobidan yuridik yordam oladi.

 

Shuningdek, Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva yangi qonun haqida yozar ekan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi, bunday jinoyatlar uchun jazo yengillashtirilmasligi kerakligini ta’kidladi.

 

‘‘Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa — u xoh ta’lim muassasasi xodimi bo‘lsin, xoh yaqin qarindoshi — javobgarlikka tortiladi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi. Bundan buyon 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov bo‘lmaydi’’, — deya yozadi Saida Mirziyoyeva o‘z telegram kanalida.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 4 yilda bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holati boʻyicha 445 ta jinoyat aniqlanganligi haqida xabar berilgan edi.