Termiz tumanida 10-sinf o‘quvchisi onasiga tegishli Cobalt avtomobilini boshqarayotib, yo‘l o‘rtasidagi yoritish ustuniga urilgan. Oqibatda uning mashinadagi sinfdoshi voqea joyida vafot etgan, mashina boshqargan o‘smirning o‘zi esa shifoxonaga yotqizilgan.
Surxondaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi 2026-yil 9-oktyabrga o‘tar kechasi Termiz tumani hududida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Termiz shahridagi maktablardan birining 10-sinfida o‘qiydigan, 2010-yilda tug‘ilgan o‘smir onasiga tegishli Cobalt avtomobilini katta tezlikda boshqarib ketayotib, yo‘l o‘rtasidagi yoritish ustuniga urilgan. Hodisa vaqtida avtomobilda uning sinfdosh do‘sti ham bo‘lgan.
To‘qnashuv oqibatida ikkinchi o‘smir og‘ir jarohat olib, voqea joyida vafot etgan. Avtomobilni boshqargan 16 yoshli o‘smir esa shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, joriy yilning iyun oyida ham Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida voyaga yetmagan o‘smir boshqargan Damas ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik. O‘shanda hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgan edi.
