Prezident Erkinjon Turdimovni “eng ishongan kadrim” deb e’tirof etdi (video)

Prezident Erkinjon Turdimovni “eng ishongan kadrim” deb e’tirof etdi (video)

Yangi Toshkentdagi uchrashuvda davlat rahbari yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligi oldidagi vazifalar, oliy ta’limda sifatni oshirish hamda tibbiyot va ta’lim sohalariga e’tiborni kuchaytirish haqida gapirdi.

 

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentga tashrif buyurib, bu yerda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbir doirasida davlat rahbari Yangi Toshkent hududidagi bir qator obyektlarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi.

 

Uchrashuv davomida Prezident yaqinda tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligi rahbari Erkinjon Turdimovni eng ishongan kadrim, deb e’tirof etdi va yangi vazirlik oldidagi vazifalar haqida gapirib o‘tdi.

 

«Eng ishongan kardimni Taʼlim vaziri qildim. Son ko‘paydi, sifat esa kam. Bundan keyin har bir universitet kim uchun, qanday kadr tayyorlashini o‘zi uchun aniq belgilab olishi kerak. To‘rtta viloyatga hokim bo‘lgan odamni Ta’lim vazirligiga bekorga olib kelmadim. Taʼlimga juda katta eʼtibor berish uchun bosh vazir birinchi oʼrinbosari maqomini berganim ham, bejiz emas. Endi tibbiyotga, ta’limga e’tibor mutlaqo oʼzgaradi davlatda», — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Xabaringiz bor, 9-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Ushbu yangi vazirlikka Erkinjon Turdimov vazir etib tayinlandi.

 

Erkinjon Oqboʻtayevich Turdimov 1969-yil 10-iyulda Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanida tugʻilgan. U 1991-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2011-yilda Mehnat shuhrati ordeni bilan, 2024-yilda Fidokorona mehnatlari uchun ordeni bilan mukofotlangan.

 

U 1991-yilda «Oʻzsanoatqurilishbank»ning Sirdaryo filialida boʻlim bosh mutaxassisi sifatida ish faoliyatini boshlagan. 1995-yilda Zarafshon shahri hokimi oʻrinbosari boʻlgan.

 

1996–2000-yillarda Oʻzbekiston Milliy bankining Navoiy boʻlimida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2000–2008-yillarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hokimi boʻlib ishlagan.

 

2008-yilda qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Shundan soʻng Navoiy viloyatiga rahbarlik qilgan, 2016–2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimi boʻlgan. 2018-yildan Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritgan. 2025-yildan 9-oktyabrga qadar Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

 

Bugun vazir Erkinjon Turdimov sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida yangi vazirlik tizimi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘sini oshirish, mehnatini munosib qadrlash kabi masalalar muhokama qilingan.