Polshadagi kasb-hunar maktabida sodir bo‘lgan pichoqli hujum oqibatida 9 kishi jarohatlandi

Polshadagi kasb-hunar maktabida sodir bo‘lgan pichoqli hujum oqibatida 9 kishi jarohatlandi

Polshaning Ostroleka shahridagi kasb-hunar ta’limi muassasasida 19 yoshli o‘quvchi o‘tkir buyum bilan hujum uyushtirdi, oqibatda to‘qqiz kishi jarohatlandi. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochganidan so‘ng yaqin atrofda qo‘lga olingan.

 

Joriy yil 7-oktyabr kuni Polshaning shimolidagi kasb-hunar ta’limi muassasasida tahsil olayotgan 19 yoshli o‘quvchi boshqa o‘quvchilar, o‘qituvchilar va yo‘lovchilarga o‘tkir buyum bilan hujum qildi. Hujumdan so‘ng voqea joyidan qochgan gumonlanuvchi yaqin atrofda qo‘lga olingan.

 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hujum mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida Varshavadan 120 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Ostroleka shahridagi 4-sonli kasb-hunar ta’limi muassasasida sodir bo‘lgan. Rasmiylar gumonlanuvchining hujumdan ko‘zlagan maqsadi va ishlatilgan buyum haqida batafsil ma’lumot bermagan.

 

Hudud gubernatori Mariusz Frankowski ma’lum qilishicha, besh nafar o‘quvchi, ikki nafar o‘qituvchi va ko‘chadan o‘tayotgan ikki kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlarning hech birining hayoti xavf ostida emas, biroq bir kishi og‘ir jarohat olgan. Ayrim jabrlanuvchilar vertolyotda shifoxonaga olib borilgan.

 

Polshaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga oid qonunlariga muvofiq, gumonlanuvchining ismi Jakub Z. tarzida keltirilgan.

 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, voqea joyidan qochgan yigit maktabdan bir kilometrga yetmaydigan masofadagi daryo bo‘yida qo‘lga olingan. Qo‘lga olingan paytda uning o‘zi ham jarohatlangan bo‘lgan. Prokuratura bu jarohatlar o‘ziga tan jarohati yetkazishi oqibatida yuzaga kelganini bildirgan. Yigit shifoxonaga olib ketilgan.

 

Polsha OAVlari o‘quvchilar olgani aytilayotgan, maktab ichidagi polda qon izlari ko‘rinib turgan xiralashtirilgan suratlarni e’lon qildi.

 

Hujumdan ikki soat o‘tib, Ostroleka shahri hokimi Pavel Neviadomski ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida vaziyat nazorat ostiga olinganini ma’lum qigan. Biroq hujum tafsilotlari tekshirilayotgani sababli maktab vaqtincha yopiq qolishini bildirgan.

 

Shahar hokimi hodisadan ruhiy zarba olgan bolalar va boshqa shaxslarga psixologik yordam ko‘rsatilishini aytgan. Shuningdek, u hududdagi barcha maktablarga begona shaxslarning binolarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raganini bildirgan.

 

Mahalliy yong‘in xavfsizligi xizmati vakili Polsat telekanaliga bergan ma’lumotida, maktabdan shubhali ryukzak topilgani va uning ichidagilar tekshirilayotganini aytgan.

 

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi avval ham oz miqdordagi giyohvand moddalarni saqlash bilan bog‘liq holat sababli huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushgan.

 

Avvalroq, Slovakiyada 8-sinf o‘quvchisi maktabda pichoq bilan hujum qilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.