Farzandi xususiy maktabda oʻqiyotgan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 mln soʻmdan 6 mln soʻmga oshiriladi.
Oʻzbekistonda farzandi xususiy maktabda oʻqiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 milliondan 6 million soʻmga oshiriladi. Bu haqda 30-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar bilan oʻtkazilgan uchrashuvida maʼlum qildi.
Prezidentning taʼkidlashicha, bu oilalarga yiliga 6-7 million soʻm tejash imkonini beradi. Soliq idoralari toʻlovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimini yoʻlga qoʻyadi.
Soliq kodeksining 378-moddasida farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari yoki maktablar koʻrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-ona tomonidan har bir farzand uchun toʻlanadigan oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar uchun yoʻnaltirilgan soliq solinishi lozim boʻlgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad soligʻidan ozod qilinishi belgilangan.
Endi mana shu daromad chegarasi 3 mln soʻmdan 6 mln soʻmga oshirildi.
Shuningdek 2027-yil 1-yanvardan boshlab 2-3 yoshli farzandini bogʻchaga bergan ishli ayollar uchun bogʻcha puli davlat tomonidan qoplab beriladi.
