Kongo Demokratik Respublikasining sharqidagi Bukavu shahrida ikki maktabni qamrab olgan yong‘in oqibatida kamida 24 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi. Yong‘indan qochishga uringanlar orasida tiqilinch yuzaga kelgani aytilmoqda.
Kongo Demokratik Respublikasining Janubiy Kivu provinsiyasidagi Bukavu shahrining Kadutu kommunasida ikki maktabni qamrab olgan yong‘in oqibatida kamida 24 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in vaqtida o‘quvchilar binolardan chiqishga uringan. Shu paytda tiqilinch yuzaga kelgan va o‘quvchilar orasida qurbonlar bo‘lgan. Yong‘in oqibatida ayrim kattalar ham halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.
Jarohatlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga olib ketilgan. Rasmiylar qurbonlar soni hozircha yakuniy emasligini bildirgan.
Kongo Demokratik Respublikasi hukumati hodisa yuzasidan bayonot berib, qurbonlar va jarohatlanganlar borligini tasdiqlagan.
“Milliy ta’lim va yangi fuqarolik vazirligi halokatli yong‘in oqibatida chuqur qayg‘uda ekanini bildiradi. Qurbonlar bor, ko‘plab odamlar jarohatlangan va qurbonlar soni hozircha yakuniy emas”, — deyiladi hukumat bayonotida.
Vazirlik jabrlangan oilalarga hamdardlik bildirib, zarar ko‘rgan maktablarni o‘rganish va ta’lim jarayonining davom etishini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirgan.
Reuters agentligiga gapirgan guvohlardan biri yong‘in tushdan keyin o‘chirilganini, biroq vayronalar va tunuka uyumlari orasidan hali ham tutun chiqayotganini aytgan.
Yong‘in oqibatida 300 ga yaqin uy ham vayron bo‘lgan. Hodisaning kelib chiqish sababi hozircha ma’lum emas.
Hodisa Kinshasada o‘tgan hafta to‘y marosimi o‘tkazilayotgan binoda yuz bergan yong‘indan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. O‘sha hodisada ham tiqilinch oqibatida odamlar halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng hukumat jamoat yig‘inlari o‘tkaziladigan joylarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish va mamlakat bo‘ylab tegishli nazorat tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan.
Avvalroq, Indoneziya prezidenti yo‘lga qo‘ygan bepul ovqatlar ortidan 2 mingga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilar zaharlanganligi haqida xabar berilgan edi.
