Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti tashkil topganiga 5 yil toʻldi.
Tarix uchun qisqa boʻlgan bu davr institutning shakllanishi, oʻz oʻquv va ilmiy salohiyatini yaratishi, zamonaviy taʼlim muhitini qaror toptirishi hamda farmatsevtika sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan munosib taʼlim dargohi sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlashida muhim bosqich boʻldi.
Institut faoliyatining ilk kunlaridanoq oldiga aniq maqsad qoʻydi: zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega, kasbiga sadoqatli, ilmiy izlanishdan choʻchimaydigan, farmatsevtika sohasining bugungi va ertangi talablariga javob bera oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash.
Bugun ana shu ezgu maqsadlarning amaliy natijalarini koʻrish mumkin. Taʼlim dargohi oʻzining ilk bitiruvchilarini katta hayotga kuzatdi. Kechagi talabalar bugun farmatsevtika va tibbiyot sohasining turli yoʻnalishlarida oʻz bilim va salohiyatini namoyon etmoqda.
Besh yil davomida institutning moddiy-texnik bazasi ham izchil rivojlandi. Yangi oʻquv binosi va talabalar turar joyining barpo etilishi talabalar uchun yanada qulay taʼlim va yashash sharoitlarini yaratdi. Yildan-yilga talabalar safining kengayib borayotgani barobarida pedagoglar jamoasi ham tajribali va malakali mutaxassislar bilan boyib, taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.


Institutda taʼlim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi. Oʻquv laboratoriyalari bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining mavjudligi talabalar va tadqiqotchilar uchun nazariy bilimni amaliy tajriba bilan uygʻunlashtirish imkonini bermoqda. Farma Park, simulyatsiya xonalari va boshqa zamonaviy oʻquv maydonlari esa har yili yangi jihoz va texnologiyalar bilan takomillashtirib borilmoqda.
Institutning ilmiy salohiyatini oshirish va tadqiqot natijalarini keng ilmiy jamoatchilikka yetkazish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda institut tomonidan “Farmatsiya va farmakologiya” ilmiy jurnali chop etib kelinmoqda. Mazkur nashr farmatsevtika, tibbiyot, biologiya va kimyo sohalaridagi dolzarb ilmiy izlanishlar, tadqiqot natijalari va ilmiy-amaliy yondashuvlarni yoritish uchun muhim maydon vazifasini bajarmoqda.


Jurnalning ilmiy nufuzi uning Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qarori (2023-yil 28-fevral, №333/5) bilan kimyo, biologiya, tibbiyot va farmatsevtika fanlari boʻyicha dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritilgani bilan ham belgilanadi.
Bu, oʻz navbatida, institutda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish va olingan natijalarni xalqaro hamda milliy ilmiy makonda keng targʻib etishga qaratilayotgan eʼtiborning muhim koʻrsatkichidir.
Mavjud imkoniyatlarning eng muhim natijasi, avvalo, talabalarning yutuqlarida namoyon boʻlmoqda. Institut talabalari respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, tanlov va intellektual musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Bu yutuqlar nafaqat yoshlarning bilim va izlanishga boʻlgan intilishini, balki institutda taʼlim jarayoni samarali yoʻlga qoʻyilganining ham muhim koʻrsatkichidir.
Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti uchun taʼlim va ilm-fan bir-biridan ayro tushunchalar emas. “Taʼlim tadqiqotga — tadqiqot taraqqiyotga yetaklaydi” degan tamoyil institut faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi. Shu bois bu yerda nafaqat mutaxassis tayyorlash, balki ilmiy izlanishlarga qiziquvchi, yangi gʻoya va innovatsion yondashuvlarni ilgari sura oladigan yoshlarni tarbiyalashga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Soʻnggi yillarda institut tashabbusi bilan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy tadbirlarning tashkil etilishi ham bu yoʻnalishdagi ishlarning izchil davom etayotganidan dalolat beradi. Bunday tadbirlar olimlar, professor-oʻqituvchilar, soha mutaxassislari va yosh tadqiqotchilar oʻrtasida tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va yangi ilmiy hamkorliklarga yoʻl ochmoqda.
Besh yillik faoliyat davomida institut oʻnlab xorijiy hamkorlar bilan memorandum va kelishuvlarni imzolab, xalqaro aloqalarini ham kengaytirdi. Bu hamkorliklar doirasida talabalarimiz qardosh respublikalardagi tibbiyot va farmatsevtika oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda Xitoy va Turkiya kabi davlatlardagi nufuzli taʼlim maskanlarida amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.


Zero, zamonaviy mutaxassis uchun faqat auditoriyada olgan bilimning oʻzi kifoya emas. U dunyo tajribasini oʻrganishi, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishi, turli taʼlim va ilmiy muhitlarda oʻzini sinab koʻrishi kerak. Institutning xalqaro hamkorliklari aynan shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Bugun Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti 5 yillik taraqqiyot yoʻlini sarhisob qilar ekan, bu davrni shunchaki oʻtgan yillar emas, balki katta maqsadlar sari tashlangan mustahkam qadamlar davri sifatida baholash mumkin.
Albatta, 5 yil — taraqqiyot yoʻlining yakuni emas. Aksincha, bu yangi marralar oldidan oʻziga xos sarhisob, erishilgan natijalardan kuch olib, yanada yuksak maqsadlar sari intilish uchun muhim bosqichdir.
Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti jamoasini ushbu qutlugʻ sana — institutning 5 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz!
Institutning ilmiy va taʼlimiy salohiyati yanada yuksalsin, talaba va professor-oʻqituvchilarning yangi-yangi yutuqlari koʻpaysin. Farmatsevtika sohasi uchun bilimli, salohiyatli va vatanparvar mutaxassislar tayyorlashdek ezgu maqsad yoʻlidagi barcha tashabbuslar samarali natijalar bersin.
Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot institutiga mustahkam poydevor, yuksak parvozlar va yanada katta yutuqlar tilaymiz!
Besh yillik — birinchi katta qadam. Oldinda esa yanada ulugʻ maqsadlar va yangi marralar!
Institut haqida qo‘shimcha ma’lumotlar:
Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti rasmiy sayti: https://ftti.uz
Manzil: Yunusobod tumani, 19-mavze, 46,48-uy.
Mo‘ljal: “UzMaxOil” yoqilg‘i quyish shaxobchasi.
Telegram: t.me/fttiuz
Instagram: instagram.com/ftti.uz/?hl=ru
Facebook: facebook.com/FTTI.UZ
YouTube: www.youtube.com/@farmatsevtikatalimvatadqiqoti
Qabul platformasi: https://admission.ftti.uz/
Aloqa markazi:
+998 71 202-05-50
+998 97 139-00-50
+998 97 189-00-50
+998 71 203-05-50



