Maktablarda 67 298 ta sport seksiyasi tashkil etilib, 1,3 mln nafardan ortiq o‘quvchi sportga jalb qilingan — Vazirlik

Maktablarda 67 298 ta sport seksiyasi tashkil etilib, 1,3 mln nafardan ortiq o‘quvchi sportga jalb qilingan — Vazirlik

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Respublikada 2025-2026 yil mobaynida  95 ta yangi sport zal binosi qurilib, foydalanishga topshirilgan.

 

2025–2026-yillar davomida respublikada yoshlarni sportga keng jalb qilish maqsadida 95 ta yangi sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Maktablarda esa 33 turdagi sport bo‘yicha 67 298 ta seksiya tashkil etilib, ularga 1,3 mln nafardan ortiq o‘quvchi jalb qilingan.

 

Bugungi kunda ta’lim tashkilotlarida sport tadbirlari va musobaqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Maktablarda tashkil etilgan sport seksiyalariga 1,3 mln nafardan ortiq o‘quvchi jalb qilingan. Shulardan 530 729 nafardan ortig‘i qizlar hisoblanadi.

 

Shuningdek, hozirda 9 837 ta sport klubi faoliyat yuritmoqda. Ushbu klublarga jami 685 354 nafar o‘quvchi jalb etilgan.

 

O‘quvchi-qizlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi

 

2026-yilda ilk bor o‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasi tashkil etildi.

 

Musobaqada 5 mingdan ortiq maktabdan 98 ming nafar o‘quvchi-qiz ishtirok etgan. Respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan 3 ta jamoaga musobaqaning bosh sovrini — “Damas” avtomashinasi hamda pul mukofotlari topshirilgan.

 

Shuningdek, avvalroq ayol pedagoglar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasi ham o‘tkazilishi haqida ma’lum qilingandi. Ilk bor tashkil etilgan musobaqaning respublika bosqichi Namangan shahrida bo‘lib o‘tdi va unda 112 nafar pedagog ishtirok etgan.

 

O‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligi baholanmoqda

 

Ta’kidlanishicha, 2023-yildan buyon o‘quvchi-yoshlarning sportga qiziqishini o‘rganish maqsadida my.sport.uz platformasi orqali 7–17 yoshdagi o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi baholab kelinmoqda.

 

Xususan, 2025-yilda 10 204 ta umumta’lim maktabidagi 6,5 mln nafar o‘quvchidan 2,9 mln nafari ushbu jarayonda ishtirok etgan.

 

2026-yilda esa 4,3 mln nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 4 mln nafari ixtiyoriy, 44 ming nafari esa maxsus sinovlarda ishtirok etgan.