Prezidentning 2026-yil 2-sentyabrdagi farmoni bilan davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar miqdori tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-sentyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 181-son farmoni imzolandi.
Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlarida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- lavozim maoshi;
- malaka darajalari uchun to‘lovlar;
- eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishilganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;
- bonus to‘lovlari (mukofotlash).
Farmonning 4-ilovasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarining davlat fuqarolik xizmati malaka darajalari uchun lavozim maoshiga qo‘shimcha to‘lovlar miqdori belgilandi.
Bunda Prezidentning 2025-yil 19-iyundagi 95-son farmoni bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1-ilovasiga muvofiq davlat fuqarolik xizmati malaka darajalariga tenglashtirilgan boshqa unvon va martaba darajalar uchun to‘lovlar tegishlicha ushbu ilovada belgilangan miqdorda to‘lanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 oktyabrdagi 722-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lashda uslubiy yondashuvlar asosida guruhlarga ajratish hamda shtatlar jadvalini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi–oltinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Bunda:
a) moliya yili boshida mavjud bo‘lgan vakant lavozimlarga:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan ko‘p yillik xizmati uchun to‘lanadigan ustamalar o‘rtacha miqdorda, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilariga ko‘p yillik xizmatidan kelib chiqadigan lavozim maoshini hisoblashdagi tarif koeffitsiyentining uchinchi pog‘onasi miqdorida;
davlat fuqarolik xizmatchilariga malaka darajalari uchun to‘lanadigan ustamalar bo‘yicha mablag‘lar vakant lavozimga belgilanishi mumkin bo‘lgan malaka darajasiga mos miqdorda rejalashtiriladi;
b) moliya yili davomida ko‘p yillik xizmati uchun ustamalar, shu jumladan, staj pog‘onasidan kelib chiqadigan maoshlari miqdori o‘zgaradigan xodimlarga tasdiqlangan shtatlar jadvaliga o‘zgartirishlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan to‘lovlar amalga oshiriladi”.
Shuningdek, Prezident farmonining 5-ilovasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalari miqdori belgilandi.
Izohlar:
- Har oylik ustamalar miqdori chorak yakunlari bo‘yicha reyting baholari asosida belgilanadi va keyingi chorak davomida to‘lab boriladi;
- Birinchi marta reyting baholash natijalari aniqlanguniga qadar xodimlarga har oylik ustamalar miqdori rahbariyat tomonidan ularning faoliyati natijalaridan kelib chiqib, oxirgi chorak (oy) uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida belgilanadi;
- Davlat organlari va tashkilotlarining hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalarining umumiy bo‘linmalarining shtat birliklari markaziy apparatning shtat birligida bo‘lganda bonus uchun rejalashtirilgan mablag‘lar tegishlicha markaziy apparat, hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalari ulushida taqsimlanadi.


