Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlari grant asosida o‘qitiladi

Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlari grant asosida o‘qitiladi

2026/2027-o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya uchun kadrlar tayyorlash imkoniyatlari kengaytiriladi. Unda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari oliygohda masofaviy ta’lim shaklida davlat granti asosida o‘qitiladi.

 

Prezidentning 2026-yil 26-avgustdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 302-son qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash hamda qoʻriqlash faoliyati (jamoat xavfsizligini taʼminlash) yoʻnalishlarida kadrlarni tayyorlash maqsadida qabul kvotalar oshiriladi.

 

Universitetning bakalavriat bo‘yicha yillik qabul kvotasi:

 

  • kunduzgi ta’lim shaklida — 600 nafargacha kursant;
  • masofaviy ta’lim shaklida — 300 nafargacha tinglovchi etib belgilanadi.

 

Ushbu o‘rinlarning 75 foizi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi kadrlarni tayyorlashga ajratiladi.

 

Universitet tomonidan Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun kadrlar tayyorlashda qabul kvotalari va mutaxassislik (yoʻnalish)lar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamenti bilan kelishilgan holda belgilanadi.

 

Oliygohda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishi uchun yurisprudensiya sohasida oliy maʼlumotga ega kadrlarni tayyorlanadi. Bunda:

 

  • bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida “Yurisprudensiya (“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Jamoat tartibini saqlash faoliyati”, “Yoʻl harakati xavfsizligi faoliyati” va “Qoʻriqlash faoliyati”)” yoʻnalishlari, masofaviy taʼlim shaklida esa “Yurisprudensiya (“Jamoat xavfsizligini huquqiy taʼminlash”)” yoʻnalishi boʻyicha;
  • ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kamida 5 yillik amaliy xizmat stajiga ega xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun magistraturada oʻqitish “Jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi boʻyicha amalga oshiriladi.

 

Ta’lim shakllari ham takomillashtiriladi

 

Universitet bakalavriatida Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislar kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti asosida tayyorlanadi.

 

Masofaviy taʼlim shaklida Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy maʼlumotga ega boʻlmagan harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun davlat granti asosida, oliy maʼlumotga ega boʻlgan hamda Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun toʻlov-kontrakt asosida o‘qitiladi.

 

Kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

 

Universitetning dual taʼlim tizimida har bir kursant va tinglovchiga oʻqishni boshlashidan uni tamomlanguncha bir nafardan tajribali amaliyotchi-mutaxassisni mentor-tyutor sifatida biriktirish tartibi joriy etiladi.

 

Har yili oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlari kursantlari oʻrtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiadasi tashkil etiladi hamda gʻolib boʻlganlarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi.

 

Taʼlim jarayonining sifat koʻrsatkichlari va kelgusidagi strategiyasi bitiruvchilarning 5 yil davomidagi kasbiy oʻsishi hamda xizmat samaradorligi monitoringi natijasi orqali belgilanadi.

 

Bundan tashqari, universitet tomonidan byudjet, byudjetdan tashqari mablagʻlar hamda grantlar hisobidan har yili professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, doktorantlar va magistrlarning kamida 30 nafarini hamkor xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va tajriba almashish uchun yuborish amaliyoti joriy etiladi.

 

Avvalroq, endi ehtiyojmand oilalar farzandlarining bog‘cha, o‘quv markazi va yotoqxona xarajatlari qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.