Maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etiladi

Maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etiladi

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda joylarda natijadorlikni oshirish, ishsiz va kam daromadli aholini kasbga o‘qitish hamda kambag‘al oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

 

Davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda joylarda kutilgan natijaga erishilmayotganining asosiy sabablari tahlil qilindi.

 

Xususan, “Mahalla yettiligi” uchun mas’ul rahbarlar viloyat, tuman, shahar va mahalladagi xodimlarga qabul qilingan qarorlarni qanday ijro etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bermayotgani aytildi.

 

Tuman va mahallada kambag‘allik hamda ishsizlikka mas’ul xodimlarda hadik borligi, hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani tanqid qilindi.

 

Shuningdek, ayrim rahbarlar yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmayotgani, tuman va mahallalarda kambag‘allik hamda ishsizlikni qisqartirishga mas’ul xodimlarda tashabbus va mas’uliyat yetishmayotgani qayd etilgan.

 

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 50 yillik tajribaga ega Xitoy ham zamon talabidan kelib chiqib, quyi tizimga doimiy ravishda aniq ko‘rsatmalar berib borishi ta’kidlandi.

 

O‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trillion so‘m resurs ajratildi. Lekin kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri barcha tumanda birdek sezilmayapti, – dedi davlat rahbari.

 

Xorazmdagi kambag‘al oilalar holati o‘rganildi

 

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, iqtisodiy kompleksning barcha rahbarlari Xorazmda qolib, kambag‘allik bilan ishlash tizimini o‘zgartirish bo‘yicha tahlil o‘tkazdi.

 

Ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming nafar kambag‘al aholi ya’ni 19 ming oila holati o‘rganilgan. Ushbu oilalarda 12 ming ishsiz va 10 ming daromadi past aholi borligi aniqlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasida 4 ming, xizmatlar sohasida 3 ming va sanoatda 2,5 ming ishchi izlamoqda.

 

Mas’ullarga ishsiz va kam daromadli aholini korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlaridan foydalanish orqali kambag‘al oilalardagi 10–15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi aytildi.

 

Kambag‘al oilalar farzandlari uchun to‘garaklar tashkil etiladi

 

O‘rganilgan kambag‘al oilalarda 48 ming nafar bola borligi aniqlangan. Biroq ular bilan alohida ishlash va yoshlarni hozirdanoq kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha maxsus dastur mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Videoselektorda viloyatning har bir tumanida kamida 1–2 tadan texnikum va 4–5 ta o‘quv markazi faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

 

Shu munosabat bilan yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum hamda o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish vazifasi belgilandi.

 

Shu bilan birga, Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band ekani, bunday oilalar farzandlarining maktabgacha ta’lim bilan qamrovi esa 75 foizga ham yetmasligi ta’kidlandi.

 

Hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, 646 nafar kollej o‘quvchisi va OTM talabasi uchun dual ta’lim asosida kasbiy ko‘nikmalarni oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

 

Bundan tashqari, kambag‘al oilalarda yashovchi pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan 526 nafar shaxsga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali ularni parvarish qilayotgan oila a’zolarining daromadli mehnat bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratish mumkinligi qayd etildi.