O‘zbekiston Markaziy banki bakalavriat va magistraturaning so‘nggi bosqichida tahsil olayotgan ayrim talabalar uchun maxsus stipendiya tanlovini e’lon qildi. Stipendiya miqdori BHMning kamida 3 baravari etib belgilangan.
O‘zbekiston Markaziy banki iqtisodiyot, bank ishi, moliya, huquqshunoslik va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavriat va magistraturaning so‘nggi bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalari uchun maxsus stipendiya tanlovini e’lon qildi.
Tanlovda iqtisodiyot, makroiqtisodiyot, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, statistika, moliya, bank ishi, buxgalteriya hisobi, sun’iy intellekt, dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, axborot tizimlari va texnologiyalari, yurisprudensiya, mediadizayn, o‘zbek tili, tarjima nazariyasi va amaliyoti hamda tegishli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar qatnashishi mumkin.
Nomzodlardan yuqori reyting ko‘rsatkichi, davlat tilini mukammal bilish hamda rus va ingliz tillarini kamida B2 darajada bilish talab etiladi. ACCA va boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlar, Big Data bilan ishlash ko‘nikmasi, IELTS 7.0 va undan yuqori natija hamda olimpiadalardagi yutuqlar qo‘shimcha ustunlik beradi.
Arizalar joriy yil 11-sentyabrgacha Markaziy bankning Telegram-boti orqali qabul qilinadi.
Tanlov 3 bosqichda o‘tkaziladi:
- 15-sentyabr kuni soat 10:00 – masofaviy test;
- 16-sentyabr soat 11:00 – xorijiy tillarni bilish darajasini baholash;
- 18-sentyabr soat 10:00 – ekspertlar guruhi bilan suhbat.
Test sinovida iqtisodiyot, bank ishi, moliya va statistika yo‘nalishlari uchun makroiqtisodiyot hamda mantiqiy fikrlashga oid savollar beriladi. Yurisprudensiya, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha esa mantiqiy fikrlash hamda sohaga oid savollar beriladi.
Stipendiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch baravari etib belgilanadi. Stipendiatlar Markaziy bankning tegishli bo‘linmalarida haftasiga 15 soatdan oshmagan holda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Murojaat uchun: (71) 212-60-91.
