Ishlanmaydigan kunlarda mehnat qilgan xodimlarga kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. Bu tartib Mehnat kodeksida belgilangan.
Mehnat kodeksining 263-moddasiga ko‘ra, dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlagan xodimlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq belgilanadi.
Xususan, ishbay ishlovchilarga kamida ikki hissali ishbay baholar bo‘yicha, kunbay yoki soatbay tarif stavkasi asosida haq oladigan xodimlarga esa tegishli stavkaning kamida ikki hissasi miqdorida pul to‘lanadi.
Maosh oladigan xodimlarga esa har bir ishlangan kun yoki soat uchun maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkaning kamida bir hissasi miqdorida qo‘shimcha haq beriladi.
Mehnat shartnomasi, jamoa shartnomasi yoki ish beruvchining kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan ichki hujjatda bundan yuqoriroq miqdordagi qo‘shimcha to‘lovlar ham belgilanishi mumkin.
Shuningdek, dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga koʻra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin.
Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilingan taqdirda, bunday ish uchun haq toʻlash kamida bir hissa miqdorida amalga oshiriladi, dam olish kuni uchun esa haq toʻlanmaydi.
Agar xodim jadval yoki mehnat shartnomasiga ko‘ra shanba, yakshanba kabi umumiy dam olish kunlarida ishlasa, biroq unga ish haftasining boshqa kunida dam olish berilsa, bunday ish uchun bir hissa miqdorida haq to‘lanadi.
Ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun, ushbu ish jadvalga binoan amalga oshirilganligidan yoki xodim mazkur Kodeksning 210-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etilganligidan qatʼi nazar, kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi yoxud xodimning xohishiga koʻra boshqa dam olish kunini berish va bir hissa miqdorida haq toʻlash orqali kompensatsiya qilinadi.
Avvalroq, 2026-yil 1-sentyabrdan ish haqi va stipendiyalar 7 foizga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
1-sentyabr munosabati bilan o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi? — bu yerda
