Oʻqishga kira olmagan koʻplab abituriyentlarda super-kontrakt bilan bogʻliq savollar paydo boʻlmoqda. Ushbu maqolada super-kontrakt haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Muhim! 2026-2027 oʻquv yili uchun super-kontrakt narxi va tartiblari hozircha tasdiqlangani yoʻq. Tasdiqlangach, bu haqda qoʻshimcha xabar beramiz.
Oʻtish balliga 4 ballgacha yetmaganlar qancha miqdorda kontrakt toʻlaydi?
Super-kontraktning 4 ballgacha shkalasi quyidagicha belgilangan:
– oʻtish baliga 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
– 1,06 balldan 2,05 ballgacha — 2 barobari;
– 2,06 balldan 3,05 ballgacha — 2,5 barobari;
– 3,06 balldan 4,05 ballgacha — 3 barobari.
4,06 va undan koʻproq ball yetmagan, lekin minimal oʻtish ballidan yuqori ball toʻplagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari Oliy taʼlim muassasalari rektorlari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Super-kontrakt bilan bir qatorda oddiy kontrakt ham qoʻshib toʻlanadimi?
Birinchi yili faqat super-kontrakt summasi toʻlanadi. Ikkinchi yildan boshlab esa faqat oddiy kontrakt toʻlanadi, super-kontrakt toʻlanmaydi.
Super-kontrakda oʻqishni xohlaganlar qaysi muddatgacha ariza berishi kerak?
Hali super-kontrakt uchun arizalar qabuli boshlangani yoʻq. Sentyabr oyida oʻqish boshlangach, kontrakt.edu.uz platformasi orqali onlayn ariza beriladi. Yaʼni, super-kontraktda oʻqimoqchi boʻlganlar OTMga borib ariza berishi shartmas.
Oʻqishga kirganlar ham birinchi yoʻnalishga super-kontrakt qila oladimi?
Oʻtgan yili abituriyent oʻzi tanlagan birinchi yoʻnalishga kira olmagan, lekin 2, 3, 4 yoki 5-yoʻnalishlardan biriga oʻqishga kirgan boʻlsa, istisno tariqasida faqat birinchi tanlagan yoʻnalishiga super-kontrakt qilishga ruxsat berilgan edi.
Lekin bu 2, 3 yoki 4-yoʻnalishga taalluqli emas. Yaʼni, 5-tanlagan yoʻnalishiga oʻqishga kirgan abituriyent 2 yoki 3-yoʻnalishida super-kontraktda oʻqiy olmasdi, faqat birinchiga ruxsat berilgan edi.
Joriy yilda super-kontrakt boʻyicha hali aniq tartib belgilanganmadi. Oʻzgarish boʻlsa, qoʻshimcha xabar beriladi.
Oʻqishga kira olmaganlar istalgan beshta yoʻnalish boʻyicha super-kontrakt qila oladimi?
Ushbu masala ham hozircha ochiq turibdi. Lekin oʻtgan yilgi beshta yoʻnalishga ham oʻqishga kira olmagan abituriyentlar istalgan beshta yoʻnalishdan birini tanlab, super-kontraktda oʻqishiga ruxsat berilgan edi.
Super-kontrakt uchun taʼlim krediti beriladimi?
Super-kontrakt uchun taʼlim krediti berilmaydi. Ammo ayrim banklar tijoriy shartlarda oddiy kredit taklif qilishi mumkin.
Ammo super-kontraktga kirganlar 2-kursdan oddiy kontrakt toʻlashga oʻtadi, shu sababli 2-kursdan taʼlim krediti olishi mumkin. Taʼlim krediti faqat kunduzgi taʼlim shakliga beriladi.
Super-kontraktni boʻlib toʻlasa boʻladimi?
Toʻlovni yil davomida 2 qismga yoki oyma-oy qilib toʻlash mumkin. Lekin super kontraktda oʻqish uchun dastlab kontraktning 50 foizi toʻlanadi, keyin qolgan qismini 4 ga boʻlib, 1-yanvar, 1-mart va 1-maygacha qadar boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.
Joriy yilda tibbiyot yoʻnalishiga super-kontrakt boʻladimi?
Joriy yilda tibbiyot yoʻnalishlarida super-kontrakt tartibi oʻzgarmaydi. Kelasi yildan esa undan foydalanish uchun maksimal ballning kamida 70 foizini, yaʼni 132,3 ballni toʻplash talabi joriy etilishi mumkin. Mazkur oʻzgarish hozircha loyiha maqomida.
