Toshkentdagi universitetlarda ertalabki smena 8:00 ga ko’chirilgani bo’yicha talabalarning fikrlarini o’rgandik. Kimdir endi darslarga kechikmaslik uchun 5:00 da uyg’onishi kerakligini aytsa, yana kimdir yangi tartibdan mamnun.
Kecha 27-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent shahridagi OTMlarda 2026/2027-o‘quv yilidan 1-smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat ertalabki 08:00 da boshlanishini e’lon qildi. Mazkur tartib poytaxtdagi transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan.
Talimxabarlari.uz jamoasi darslarning soat 08:00 ga ko‘chirilgani yuzasidan talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi. 1-smenada tahsil oluvchi talabalar dars vaqtlari o‘zgarganiga o‘z munosabatlarini bildirishdi.
Uzoq masofadan qatnaydigan talabalar darsga erta kelishda qiynalishi mumkin
So‘rovnomada qatnashgan talabalarning ayrimlari uchun darslarning 08:00 da boshlanishidagi asosiy noqulaylik — universitetga yetib borish uchun odatdagidan ancha erta yo‘lga chiqish zarurati.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Mirzabek Xolmurotov Toshkent viloyatining Piskent tumanida yashaydi. Uning aytishicha, universitetga yetib borish uchun 1 soat 40 daqiqadan 2 soatgacha vaqt ketadi. U yo‘lda taksi va metrodan foydalanadi.
08:00 dagi darsga vaqtida yetib borish uchun Mirzabek soat 05:00 da uyg‘onishi, 05:30 da esa uyidan chiqishi kerak bo‘ladi.
“Darslar ertaroqqa ko‘chgani davomatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘pchilik 1-paraga yetib kela olishmaydi”, — dedi Mirzabek.
Uning fikricha, 1-smena uchun 09:00 dan 12:50 gacha bo‘lgan vaqt qulayroq.
Yana bir talaba Madina Ilhomova ham darslarning 08:00 da boshlanishini noqulay deb hisoblaydi. U Chilonzordan universitetga metro va avtobusda qatnaydi va yo‘lga kamida bir soat vaqt sarflaydi.
Madina ayniqsa qish kunlarida ertalab universitetga yetib borish qiyinlashishini aytdi. Uning fikricha, juda erta uyg‘onish bilan birga tayyorlanish va nonushta qilishga ham vaqt ajratish kerak.
“Belgilangan vaqtda o‘qishga borish va hammasiga ulgurishim uchun soat 4–5 larda uyg‘onishimga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.
Ayrim talabalar uchun darslarning ertaroq tugashi qulay
Talabalar orasida yangi jadvalning ijobiy jihatini ko‘rsatganlar ham bor.
Mirjalol Odilov uchun darslarning 08:00 da boshlanishining qulay tomoni — mashg‘ulotlarning ertaroq tugashi.
Elbek Narziyev ham darslarning erta tugashini yangi tartibning ijobiy tomoni sifatida baholadi. Unga ko‘ra, darsdan keyin bo‘sh vaqt ko‘proq qoladi va bu vaqtni boshqa ishlariga sarflash mumkin.
Biroq Elbekning o‘zi uchun darsning 08:00 da boshlanishi noqulay.
“O‘qishga vaqtida yetib borishim uchun taxminan 06:30 larda yo‘lga chiqishimga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.
Talabalar erta boshlanadigan darslar davomatga ta’sir qilishidan xavotirda
So‘rovnomada qatnashgan talabalar darslarning 08:00 da boshlanishi kechikishlar va davomat bilan bog‘liq muammolarni ko‘paytirishi mumkinligini ham ta’kidladi.
Mirzabekning aytishicha, uzoq masofadan qatnaydigan talabalar birinchi juftlikka vaqtida yetib kelolmasligi mumkin. U ayrim o‘qituvchilar 10 daqiqaga kech qolgan talabalarni darsga kiritmasligini ta’kidladi.
Madina ham 5–10 daqiqalik kechikishning davomatga ta’sir qilishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda kech qolgan talabaga N.B. qo‘yilishi yoki u darsga kiritilmasligi mumkin.
Yana bir jurnalistika universitetining 3-kurs talabasi Izzatilla Zohidjonov esa kechki smenada ishlaydigan talabalar masalasiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, kechasi ishlaydigan talabalar ertalab 08:00 dagi darsga vaqtida kelishda qiynalishi mumkin.
“Hatto darslar 08:30 da boshlanganda ham talabalar kechikib kelardi. Menimcha, darslarni boshlash uchun soat 09:00 ideal vaqt”, — dedi Izzatilla.
Talaba Xushnudbek Ravshanjonov ham Izzatillaning gaplariga o’xshash fikr bildirdi. U ham avvalgi 08:30 lik jadvalda kechikadiganlar ko‘p bo‘lganini, darslar 08:00 ga ko‘chirilishi bilan ularning soni oshishi mumkinligini aytdi.
Talabalar dars soat nechada boshlanishini ma’qul ko‘rishmoqda?
So‘rovnomada qatnashgan talabalar darslarning erta tugashi ularga kunning ikkinchi yarmidan foydalanish imkonini berishini tan olgan bo‘lsa-da, aksariyati 08:00 ni 1-smena uchun noqulay deb hisoblashmoqda.
So‘rovnomamizda ishtirok etgan talabalardan 55,6 foizni darslarni avvalgidek soat 8:30 da boshlashni ma’qul ko‘rishdi. 44,4 foizi esa, oliygohlarda 1-smena darslarini soat 9:00 da boshlash variantini taklif qilishdi. Lekin o‘tkazilgan so‘rovnomadagi hech qaysi talaba darslar soat 8 da boshlashni qulay deb aytmadi.
Siz ham o’z fikrlaringizni @talimxabarlariga_bot orqali bildirishingiz mumkin.
