O‘zbekiston davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 2026/2027-o‘quv yilida tahsil olish uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolariga jami 70 ta davlat granti ajratildi. Grant o‘rinlarining 20 tasi Qozog‘iston, 20 tasi Qirg‘iziston, 20 tasi Tojikiston va 10 tasi Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun mo‘ljallangan.
Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi to‘rtta davlat fuqarolari uchun qabul kvotalarini e’lon qilgandi. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari kesimida grant o‘rinlari quyidagicha taqsimlangan:
- Qozog‘iston — 20 ta;
- Qirg‘iziston — 20 ta;
- Tojikiston — 20 ta;
- Mo‘g‘uliston — 10 ta.
Ma’lum qilinishicha, 2026/2027-o‘quv yilida Qirg‘iziston fuqarolari uchun ajratilgan 20 ta kvota bo‘yicha nomzodlarni saralashni O‘sh davlat universiteti amalga oshiradi.
Qirg‘izistonlik abituriyentlar bakalavriatning quyidagi yo‘nalishlarida davlat granti asosida tahsil olishi mumkin:
- maktabgacha ta’lim — 4 ta o‘rin;
- kompyuter injiniringi — 4 ta o‘rin;
- agronomiya — 4 ta o‘rin;
- suv xo‘jaligi va melioratsiya — 2 ta o‘rin;
- ekologiya va atrof-muhit muhofazasi — 2 ta o‘rin;
- qurilish injiniringi — 4 ta o‘rin.
Hujjatlar 2026-yil 22-avgustgacha qabul qilinadi.
Tanlov davomida nomzodlar o‘zlari tanlagan ta’lim tilini bilishini namoyish etadi va ikkita mutaxassislik fanidan sinov topshiradi. Imtihon natijalari 5 ballik tizimda baholanadi.
O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. O‘zbek tilidagi ta’lim lotin yozuviga asoslanganligi sababli, nomzodlarning lotin alifbosini bilishi ham hisobga olinadi.
