Anomal issiq sabab faoliyati to‘xtatilgan bog‘cha xodimlari ish haqi va ota-onalar to‘lovi bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Anomal issiq sabab faoliyati to‘xtatilgan bog‘cha xodimlari ish haqi va ota-onalar to‘lovi bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi anomal issiq havo sabab faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan davlat bog‘chalari xodimlarining ish haqi to‘liq saqlab qolinishini ma’lum qildi. Shuningdek, bog‘chaga kelmagan kunlar uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi anomal issiq ob-havo sharoiti sabab ayrim hududlarda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani munosabati bilan ko‘rsatma xati e’lon qildi.

 

Unda qayd etilishicha, davlat bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan davrda xodimlarga ish haqi to‘liq miqdorda hisoblanadi.

 

Vazirlik bu holat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 266-moddasiga asoslanishini bildirgan. Mazkur moddaga ko‘ra, ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt yoki xodimning aybi bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan bekor turib qolish davri uchun xodimga tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanishi belgilangan. Biroq vazirlik ko‘rsatmasiga asosan mazkur holatda davlat bog‘chalari xodimlarining ish haqi to‘liq saqlab qolinadi.

 

Shuningdek, hujjatda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar uchun ota-onalar badali ham qayta hisoblanishi belgilangan.
Xususan, Adliya vazirligida 2016-yil 23-avgustda 2821-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan nizomga muvofiq, bola bog‘chaga uzrli sabab bilan kelmagan kunlar uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi.

 

Vazirlik ko‘rsatmasiga ko‘ra, anomal issiq sabab bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan davr ham uzrli sabab sifatida baholanadi. Shu bois ota-onalar farzandi bog‘chaga bormagan kunlar uchun to‘lov qilmaydi. Agar to‘lov oldindan amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu summa keyingi oy hisobidan chegirib qolinadi.

 

Shuningdek, vazirlik hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga mazkur topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hamda ijrosini nazoratga olish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar bergan.

 

Avvalroq, anomal issiq sabab bog‘chalar yopilganda xodimlarning mehnat huquqlari qanday ta’minlanishi haqida xabar bergan edik.