Talabani ishga olish evaziga 500 dollar so‘ragan maktab direktori qamaldi

Talabani ishga olish evaziga 500 dollar so‘ragan maktab direktori qamaldi

Qashqadaryoda maktab direktori oʻqituvchini ishga qabul qilishni vaʼda qilib, fuqarodan 500 AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbirda 6 mln soʻm pora olayotgan vaqtida ushlangan mansabdor 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

 

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi maktab direktori fizika fani oʻqituvchisini ishga qabul qilish evaziga 500 AQSH dollari talab qilib, tezkor tadbir davomida 6 mln soʻm pora olayotgan vaqtida qoʻlga tushgan. Sud uni pora olishda aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Talimxabarlari.uz sayti sud xulosasi bilan tanishdi.

 

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirishkor tuman sudi 2026-yil 23-iyun kuni 30-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori F.G ga nisbatan hukm chiqardi.

 

Sud hujjatlariga koʻra, F. G 2026-yil fevral oyidan buyon Mirishkor tumanidagi 30-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori lavozimida ishlab kelgan. U mansab vakolatidan foydalanib, fuqaroni maktabga fizika fani oʻqituvchisi sifatida ishga qabul qilish hamda keyinchalik mehnat faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga noqonuniy moddiy manfaat talab qilgan.

 

Talabani ishga olish evaziga 500 dollar so‘ragan maktab direktori qamaldi

 

Sudda aniqlanishicha, Qarshi davlat universitetining fizika fakulteti 4-bosqich talabasi X. A 2026-yil aprel oyida Mirishkor tumanidagi maktablarda fizika fani oʻqituvchisi sifatida ishlash maqsadida boʻsh ish oʻrinlarini izlay boshlagan.

 

U dastlab Mirishkor tumanidagi 19-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktoriga murojaat qilgan. Keyinchalik unga 30-sonli maktabda fizika fani oʻqituvchisi boʻsh oʻrni mavjudligi aytilgan.

 

Ish materiallariga koʻra, F. G  X. A ni maktabga ishga qabul qilish evaziga 500 AQSH dollari berishi kerakligini bildirgan. Arizachi bunday talabni noqonuniy deb hisoblab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

 

Ariza asosida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirishkor tuman boʻlimi tomonidan tezkor tadbir tashkil etilgan.

 

Sud hujjatlariga koʻra, tadbir uchun 6 million soʻm maxsus kimyoviy ishlov berilgan pullar tayyorlangan. 200 ming soʻmlik kupyuralarga maxsus qalam yordamida “Pora-2026” yozuvi tushirilgan, pullarga maxsus kukun surtilgan hamda ular ekspertlar ishtirokida rasmiylashtirilgan.

 

Shundan soʻng pullar ariza muallifiga topshirilgan.

 

2026-yil 23-aprel kuni X. A Mirishkor tumanidagi “Qurama” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 30-sonli maktabga kelgan.

 

Sud materiallariga koʻra, direktor dastlab undan 1 mln 200 ming soʻmni soʻragan. Biroq keyinchalik kelishilgan summa toʻliq olib kelinganidan soʻng pullarni xizmat xonasida qabul qilgan.

 

Pulni olgach, F. G xizmat xonasidan chiqib maktab hovlisi tomon yoʻl olgan. Shu vaqtda tezkor tadbir ishtirokchilari uni toʻxtatib, protsessual harakatlarni boshlagan.

 

Tekshiruv davomida direktorning qoʻllari ultrabinafsha chiroqda koʻzdan kechirilganida maxsus kimyoviy modda izlari aniqlangan.

 

Shuningdek, xizmat xonasidagi javondan 6 million soʻm pul mablagʻi topilgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, pullarning seriya va raqamlari tezkor tadbir bayonnomalarida koʻrsatilgan pullar bilan toʻliq mos kelgan.

 

Sud majlisida tezkor tadbir davomida yozib olingan audio va video materiallar, suhbat stenogrammalari, kimyoviy ekspertiza xulosasi, guvohlarning koʻrsatmalari hamda boshqa protsessual hujjatlar tekshirilgan.

 

Kimyoviy ekspertiza xulosasida direktor qoʻllaridan va pullardan olingan namunalar oʻzaro mos kelishi tasdiqlangan.

 

F. G sudda aybiga qisman iqror boʻlgan.

 

Uning koʻrsatishicha, X. A maktabga ishga kirish masalasida bir necha bor murojaat qilgan. Sudlanuvchi undan pul olganini inkor etmagan, biroq bu mablagʻ qoʻshimcha dars soatlarini keyinchalik berish bilan bogʻliq boʻlganini bildirgan.

 

Biroq sud ushbu vajlarni ish materiallari bilan rad etdi.

 

Sud hukmida qayd etilishicha, pora talab qilish va olish holati ariza, tezkor tadbir bayonnomalari, audio va video yozuvlar, ekspertiza xulosalari hamda boshqa dalillar bilan toʻliq tasdiqlangan.

 

Sud F. Gni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topdi.

 

Hukmga koʻra, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 2 yil davomida davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Jazo umumiy tartibli koloniyada oʻtalishi belgilandi.

 

Shuningdek, pora predmeti sifatida foydalanilgan 6 million soʻm davlat daromadiga oʻtkazilishi, ish boʻyicha ashyoviy dalillar va audio-video yozuvlar esa jinoyat ishi materiallari bilan birga saqlanishi belgilangan.

 

Hukm ustidan qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.

 

Avvalroq, Namanganda xususiy bog‘cha rahbaridan pora talab qilgan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi.