2026/2027-o‘quv yili qabuli uchun ehtiyojmand oilalarning xotin-qizlariga kunduzgi ta’limda davlat granti asosida 4 mingta qo‘shimcha kvota ajratildi. Mazkur imtiyoz qo‘shimcha ball bermaydi hamda undan foydalanish uchun abituriyent birinchi tanlov sifatida albatta kunduzgi ta’limni tanlashi lozim.
2026/2027-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim tashkilotlari umumiy qabul parametrlari tasdiqlandi. Unga koʻra, ehtiyojmand oilalarning xotin-qizlari uchun kunduzgi taʼlimga qoʻshimcha 4 000 ta davlat granti ajratildi. Shundan:
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 309;
– Andijon viloyati – 288;
– Buxoro viloyati – 152;
– Jizzax viloyati – 229;
– Qashqadaryo viloyati – 374;
– Navoiy viloyati – 201;
– Namangan viloyati – 400;
– Samarqand viloyati – 445;
– Surxondaryo viloyati – 318;
– Sirdaryo viloyati – 164;
– Toshkent viloyati – 208;
– Fargʻona viloyati – 514;
– Xorazm viloyati – 291;
– Toshkent shahri – 107.
Oʻtgan yillardagi kabi 3 ta sohaga alohida kvota ajratilgan:
1) aniq va tabiiy fanlar;
2) texnika fanlari;
3) tibbiyot fanlari.
Mana shu uchta sohadan ortib qolgan kvotalar esa, umumiy boshqa barcha sohalar uchun boʻladi.
Masalan, Andijon uchun umumiy kvota 288 ta. Shu jumladan, aniq va tabiiy fanlar uchun 52 ta, texnika fanlari uchun 10 ta, tibbiyot fanlari uchun 82 ta kvota. Jami 144 ta oʻrin mana shu 3 ta sohaga ajratilmoqda. Qolgan 144 ta oʻrin esa boshqa barcha sohalar, masalan gumanitar, ijtimoiy, xizmatlar sohalari va h.k. uchun beriladi.
Oʻtgan yilgi (2025-yil) oʻtish ballari bilan quyida tanishishingiz mumkin:
| № | Hudud nomi | Aniq va tabiiy fanlar | Texnika fanlari | Tibbiyot fanlari | Boshqa umumiy |
|---|---|---|---|---|---|
| 1 | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 68,3 | 88,3 | 95,2 | 132,9 |
| 2 | Andijon | 80,0 | 69,9 | 112,2 | 128,4 |
| 3 | Buxoro | 85,4 | 72,9 | 116,4 | 164,9 |
| 4 | Fargʻona | 68,3 | 71,6 | 120,4 | 146,3 |
| 5 | Jizzax | 68,0 | 70,2 | 119,1 | 135,6 |
| 6 | Namangan | 68,2 | 72,7 | 121,2 | 128,7 |
| 7 | Navoiy | 69,3 | 81,0 | 75,8 | 142,9 |
| 8 | Qashqadaryo | 75,8 | 72,4 | 108,0 | 129,3 |
| 9 | Samarqand | 73,5 | 68,6 | 113,9 | 133,2 |
| 10 | Sirdaryo | 68,1 | 83,6 | 78,2 | 124,0 |
| 11 | Surxondaryo | 69,5 | 68,7 | 100,5 | 131,5 |
| 12 | Toshkent shahri | 80,6 | 99,9 | 86,2 | 148,5 |
| 13 | Toshkent viloyati | 68,4 | 68,1 | 110,3 | 132,8 |
| 14 | Xorazm | 68,1 | 72,9 | 80,1 | 137,6 |
Xotin-qizlarga berilgan imtiyoz qanday hisoblanadi?
Ehtiyojmand xotin-qizlarga berilgan tavsiyanoma faqat kunduzgi taʼlim shakli uchun amal qiladi. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun respublika boʻyicha davlat granti asosida 4 mingta qoʻshimcha kvota ajratilgan.
Biroq tavsiyanoma egasi grantni qoʻlga kiritishi uchun test sinovlarida yetarli ball toʻplashi zarur. Chunki tavsiyanoma qoʻshimcha ball bermaydi, balki faqat alohida kvota doirasida tanlovda ishtirok etish huquqini beradi.
Yana bir muhim jihat — tavsiyanoma boʻyicha imtiyoz faqat birinchi tanlangan taʼlim yoʻnalishiga tatbiq etiladi. Shu sababli tavsiyanomaga ega abituriyentlar birinchi yoʻnalish sifatida kunduzgi taʼlimni tanlashi kerak.
Agar birinchi yoʻnalishga sirtqi, kechki yoki masofaviy taʼlim shakli tanlansa, qoʻshimcha kvota boʻyicha imtiyozdan foydalanish imkoniyati yoʻqoladi. Biroq ikkinchi va undan keyingi yoʻnalishlarda sirtqi, kechki yoki masofaviy taʼlimni tanlash mumkin.
Masalan, abituriyent 1-yoʻnalishga kunduzgi, 2-, 3-, 4- va 5-yoʻnalishlarga esa sirtqi yoki kechki taʼlimni tanlasa, tavsiyanoma boʻyicha imtiyoz saqlanib qoladi. Aksincha, birinchi yoʻnalish sirtqi yoki kechki taʼlim boʻlsa, tavsiyanoma amalda hisobga olinmaydi.
Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun ajratilgan qoʻshimcha grant kvotalari abituriyent hujjat topshirgan OTMga emas, uning doimiy yashash (propiska) hududiga qarab belgilanadi.
Masalan, Samarqand viloyatida doimiy roʻyxatda turgan tavsiyanomali xotin-qizlar uchun 445 ta qoʻshimcha grant kvotasi ajratilgan. Bu ularning faqat Samarqanddagi oliygohlarga hujjat topshirishi kerakligini anglatmaydi. Aksincha, ular Toshkent yoki respublikaning istalgan hududidagi OTMni tanlashi mumkin.
Kvotalar qanday taqsimlanishini sodda misolda koʻrib chiqamiz:
Faraz qilaylik, Samarqand viloyatiga 5 ta qoʻshimcha grant kvotasi ajratilgan va tavsiyanoma olgan 40 nafar xotin-qiz turli hududlardagi OTMlarga hujjat topshirgan.
Test natijalari eʼlon qilingach, ushbu 40 nafar abituriyentning ballari oʻzaro solishtiriladi. Eng yuqori ball toʻplagan 5 nafar abituriyent qaysi OTMni tanlaganidan qatʼi nazar, qoʻshimcha grant kvotasi asosida talabalikka tavsiya etiladi.
Qolgan tavsiyanomali abituriyentlar esa tanlovdan chetda qolmaydi. Ular oʻzlari toʻplagan ball bilan umumiy kvotalar boʻyicha boshqa abituriyentlar qatori tanlovni davom ettiradi.
Yana bir muhim jihat shundaki, 2022-yildan boshlab qoʻshimcha grant kvotalari sohalar kesimida ham taqsimlanadi. Jumladan, aniq va tabiiy fanlar, texnika fanlari, tibbiyot fanlari yoʻnalishlarida foydalanilmay qolgan kvotalar boshqa taʼlim yoʻnalishlariga taqsimlanadi.
Ushbu tartib 5-yil mehnat stajiga ega xotin-qizlarga beriladigan tavsiyanomaga tatbiq etilmaydi. Bu ikki turdagi tavsiyanoma alohida imtiyoz va qabul tartibiga ega.
Avvalroq, milliy sertifikat natijasi kirish imtihoni va o‘qishni ko‘chirishda qancha ball berishi qanday hisoblash mumkinligi haqida xabar bergan edik.

