HEMIS tizimida diplomingiz mavjud boʻlsa ham, u Diplomlar reyestri va my.gov.uz portalida koʻrinmasligi mumkin. Buning uchun diplom HEMIS tizimida “Tasdiqlangan” statusiga ega boʻlishi lozim.
Ayrim bitiruvchilar diplomlari HEMIS tizimida mavjud boʻlsada, Diplomlar reyestri yoki my.gov.uz portalida koʻrinmayotganidan shikoyat qilmoqda. Buning sababi diplomning hali reyestrga yuborilmagani yoki tasdiqlanmagan statusda ekanligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Oʻzbekistondagi oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlarning yagona bazasini shakllantirish maqsadida Diplomlar reyestri (diplom.edu.uz) faoliyat yuritadi. Diplomlarni shakllantirish va mazkur reyestrga yuborish jarayoni esa HEMIS axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Biroq diplomning HEMIS tizimida mavjudligi uning avtomatik ravishda Diplomlar reyestri yoki my.gov.uz portalida aks etishini anglatmaydi.
Buning uchun avvalo HEMIS tizimidagi diplom “Tasdiqlangan” statusiga ega boʻlishi kerak. Faqat shu holatda diplom Diplomlar reyestriga yuboriladi va undan elektron davlat xizmatlari orqali foydalanish mumkin boʻladi.
Agar diplom tasdiqlanmagan statusda boʻlsa, u diplom.edu.uz hamda my.gov.uz portallarida koʻrinmaydi. Bunday vaziyatda bitiruvchilarga oʻzlari tamomlagan oliy taʼlim tashkilotining masʼul xodimlariga murojaat qilib, diplomni tasdiqlatish tavsiya etiladi.
Avvalroq, diplom ma’lumotlari davlat axborot tizimlariga qanday kiritilishi haqida xabar bergan edik.
