28–30-iyul kunlari “Yil oʻqituvchisi” tanlovining uchinchi bosqichi oʻtkaziladi. Unda mamlakatning 208 ta tuman va shahridan kelgan 416 nafar pedagog ishtirok etadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlum qilishicha, tanlovning uchinchi bosqichi 2026-yil 28–30-iyul kunlari boʻlib oʻtadi.
Mazkur bosqichda respublikaning 208 ta tuman va shahridan saralab olingan jami 416 nafar pedagog oʻzaro bellashadi. Yakunda har bir hududdan bittadan, jami 208 nafar oʻqituvchi gʻolib deb topiladi.
Vazirlar Mahkamasining 264-son qaroriga muvofiq, uchinchi bosqich gʻoliblari bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari, yaʼni 576 million 800 ming soʻm miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Uchinchi bosqichda nomzodlar jami 100 ballik tizimda, quyidagi 2 ta yoʻnalish boʻyicha baholanadi:
— Maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat (20 ball) — nomzodning shaxsiy rivojlanishi, oʻz ustida ishlashi, shuningdek, maʼnaviy-axloqiy, tarbiyaviy va sinfdan tashqari faoliyati hamda tashabbuslari yuzasidan taqdimoti eʼtiborga olinadi;
— Kitobxonlik boʻyicha test sinovi (80 ball) — ushbu qism tasdiqlangan adabiyotlar asosidagi 40 ta savoldan iborat boʻlib, har bir toʻgʻri javob uchun 2 balldan taqdim etiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq uchinchi bosqich qaysi adabiyotlar roʻyxati asosida oʻtkazilishi haqida xabar berilgan edi.
