2026-yilning yanvar–iyun oylarida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 4 ming 572 ta murojaat kelib tushgan. Hisobotga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash masalalari bo‘yicha bo‘lgan. Ta’lim muassasalari xodimlari faoliyatidan esa 340 ta norozilik murojaati qayd etilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha hisoboti e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilning yanvar–iyun oylari davomida vazirlikka jami 4 572 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga kam.
Kelib tushgan murojaatlarning 3 900 tasi (85,4 foiz) elektron, 468 tasi (10,2 foiz) yozma, 204 tasi (4,4 foiz) esa og‘zaki shaklda yuborilgan.
Murojaatlar eng ko‘p qaysi masalalar bo‘yicha bo‘lgan?
| Murojaat mavzusi | Soni | Ulushi |
|---|---|---|
| O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash | 536 | 11,8% |
| Ta’lim muassasalari faoliyati | 504 | 11,0% |
| Diplom masalalari | 483 | 10,6% |
| Talabalar bilimini baholash va yakuniy davlat attestatsiyasi | 400 | 8,7% |
| Ta’lim muassasalari xodimlari faoliyatidan norozilik | 340 | 7,4% |
| Kontrakt to‘lovlari | 322 | 7,0% |
| Qabul jarayonlari | 301 | 6,6% |
| Moliyaviy masalalar (ish haqi, stipendiya va moddiy yordam) | 185 | 4,0% |
| Ish bilan ta’minlash | 170 | 3,7% |
| Ilmiy tadqiqot faoliyati | 114 | 2,5% |
| Talabalar turar joylari | 98 | 2,1% |
| Boshqa masalalar | 1 119 | 24,6% |
Hisobotga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (19,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (8,9 foiz), Qashqadaryo (8,5 foiz), Farg‘ona (7,5 foiz) hamda Surxondaryo va Toshkent viloyatlari (har biri 7,2 foiz) qayd etilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, murojaatlarning katta qismi amaliy yechim topgan.
Murojaatlar qanday yakunlangan?
| Holati | Soni | Ulushi |
|---|---|---|
| Ijobiy hal etilgan | 3 680 | 80,4% |
| Huquqiy tushuntirish berilgan | 210 | 4,6% |
| Hududiy idoralarga yuborilgan | 459 | 10,1% |
| Vakolatli davlat organlariga yo‘naltirilgan | 92 | 2,0% |
| Ko‘rib chiqilmoqda | 108 | 2,4% |
| Qonunchilik asosida ko‘rmasdan qoldirilgan | 23 | 0,5% |
Shuningdek, vazirlik ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar soni kamayganini ham ma’lum qilgan. Xususan, xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish masalalari bo‘yicha murojaatlar 62,8 foizga, texnikumlarga qabul va o‘qishni tiklash bo‘yicha 38,9 foizga, talabalar safidan chetlatilish bo‘yicha 30,2 foizga, stipendiya masalalari bo‘yicha 29,1 foizga, respublika hududida ichki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha esa 27,6 foizga kamaygani qayd etilgan.
