Tarix fanidan A, ingliz tilidan B2, oʻzbek tili va adabiyotidan B+, matematikadan esa C+ natijalarini qoʻlga kiritgan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi 20-maktab bitiruvchisi Shopoʻlatova Dildora Ortiqovna muddatidan avval talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻldi. U bilan milliy sertifikatga tayyorgarlik, yuqori natijaga erishish yoʻli va kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdik.
“Maqsadimni 8-sinfdayoq belgilaganman”
Dildoraning aytishicha, milliy sertifikat olish qarori birdaniga qabul qilinmagan. U bu maqsad sari bir necha yil davomida izchil harakat qilgan.
“Milliy sertifikat olishga 8-sinfda harakat qila boshlaganman. Birinchi sertifikatim ingliz tilidan B2 boʻlgan. Shundan keyin boshqa fanlardan ham sertifikat olishni maqsad qildim” — deydi u.
Bugungi kunda u Toshkent davlat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Har bir natija ortida muntazam mehnat bor
Suhbatdoshimizning taʼkidlashicha, har bir fan boʻyicha sertifikat olish uchun oʻrtacha uch-toʻrt oy tayyorgarlik koʻrgan. Bu davrda u maktabdagi darslar bilan bir qatorda repetitor mashgʻulotlari va mustaqil tayyorgarlikni ham birdek olib borgan.
“Har bir fan uchun 3–4 oy tayyorlandim. Menimcha, bu vaqt yetarli. Muhimi, shu davrni unumli oʻtkazish. Har kuni oʻrtacha 10–12 soat dars qilardim” — deydi Dildora.
Maktabdagi mashgʻulotlardan soʻng ham uning kuni dars bilan davom etgan.
“Odatda maktabdagi 5–6 soatlik darslardan keyin repetitorim bergan vazifalarni bajarishga kirishardim. Baʼzida uyquga vaqt kam qolardi, lekin darslarimni toʻliq tayyorlashga harakat qilardim” — deydi u.
“Savollar meni qiynamadi”
Koʻpchilik abituriyentlar milliy sertifikat sinovlarining murakkabligi haqida oʻylaydi. Dildoraning fikricha esa, yaxshi tayyorgarlik koʻrilgan boʻlsa, imtihon savollari qiyinchilik tugʻdirmaydi.
“Milliy sertifikatdagi savollar men uchun qiyin boʻlmadi. Chunki ular ustozlarimiz darslarda ishlagan savollarga oʻxshash edi” — deydi abituriyent.
Uning aytishicha, tayyorgarlik jarayonida faqat test yechish emas, balki xatolarni tahlil qilish ham muhim ahamiyatga ega:
«Testlarda yuqori natija koʻrsatish uchun avval ishlagan testlarimni qayta tahlil qilib chiqardim. Aynan shu usul menga koʻp yordam berdi.«
Dildora tayyorgarlik davrida telefon va ijtimoiy tarmoqlar vaqtni behuda sarflashiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlardan koʻp foydalanmaslik uchun Telegramdan boshqa platformalarni deyarli ishlatmasdim” — deydi u.
Uning fikricha, vaqtni toʻgʻri taqsimlash va diqqatni asosiy maqsadga qaratish muvaffaqiyatga erishishning muhim shartlaridan biridir.
“Oʻzingiz ustida ishlashdan toʻxtamang”
Suhbat yakunida Dildora milliy sertifikat olishni maqsad qilgan oʻquvchilarga tavsiyalarini ham berdi.
“Milliy sertifikatdan yuqori natija olishni istaganlarga tavsiyam — koʻproq oʻz ustingizda ishlang. Muntazam mehnat qilsangiz, albatta natijasini koʻrasiz” — deydi oʻquvchi.
Hozirda Dildora rus tilini oʻrganmoqda va talabalikning yangi bosqichiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Uning hikoyasi shuni koʻrsatadiki, aniq maqsad, intizom va muntazam mehnat yuqori natijaga erishishda muhim omillardan biri hisoblanadi.
Avvalroq, buxorolik abituriyent qiz kerakli fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
