Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy muammolarni hal qilish hamda daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalar uchun “mahalla yettiligi”ga 10 million so‘mdan grant ajratilishini ma’lum qildi.
Davlat rahbari mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta’minlash va daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Bunday loyihalar uchun “mahalla yettiligi”ga 10 million so‘mdan grant ajratiladi.
Qayd etilishicha, agar 8 ming 992 ta mahallaning har birida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli o‘zgaradi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard so‘m resurs shakllantiriladi.
Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart. Buning uchun u hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi. Rais “yettilik” a’zolariga aniq vazifa qo‘yib, ulardan so‘rov qilib boradi.
Shuningdek, “yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik”ni o‘qitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.
Yig‘ilishda mahalla bankirlarining ish uslubi ham tubdan o‘zgarishi belgilandi.
Joylarda yaxshi tajribalar bor. Masalan, Angor tumani Yangiobod mahallasidagi 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obyekti ishga tushirildi. Natijada mahalla atrofida yashaydigan 1 ming 225 nafar odam ishli va daromadli bo‘ldi.
Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasining bankiri 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratib, mehmon uylarini ishga tushirdi. Har bir xonadon bir mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ish yurib ketgani uchun yana 80 ta oila shunday mehmon uylari tashkil qilishga kirishdi.
Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi.
Bundan tashqari, ikki haftada tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan oliygoh bitiruvchilari va yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri tanlab olinadi. Ular bir oy davomida namunali mahallalarga olib borilib, tajriba o‘rganishi qayd etildi.
Avvalroq, yig‘ilishda xususiy bog‘cha, maktab va sport inshootlari uchun yerlarni auksionga chiqarish vakolati mahalla raislariga berilishi ta’kidlangani haqida xabar berilgandi.
