Diniy ta’lim muassasalarini nazorat qilishda “Xavfni tahlil qilish” tizimi joriy etiladi

Diniy ta’lim muassasalarini nazorat qilishda “Xavfni tahlil qilish” tizimi joriy etiladi

Diniy ta’lim muassasalari faoliyatini nazorat qilishda yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, muassasalarning xavf darajasi elektron tizim orqali baholanadi va tekshiruvlar aynan shu mezon asosida tashkil etiladi.

 

2026-yil 15-iyulda Adliya vazirligi Diniy ta’lim muassasalari hamda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

 

Unga ko‘ra:

 

– tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi;

 

– xavf darajasini aniqlashda davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi;

 

– xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;

 

– xavf darajasini diniy ta’lim muassasalari hamda «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi;

 

– huquqbuzarlik xavfi darajasi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi;

 

– yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi;

 

– past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi;

 

– elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralari qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.

 

Avvalroq, Surxondaryo va Farg‘onada voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangani haqida xabar bergan edik.