Anomal issiq sabab bog‘chalar yopilganda xodimlarning mehnat huquqlari qanday ta’minlanadi?

Anomal issiq sabab bog‘chalar yopilganda xodimlarning mehnat huquqlari qanday ta’minlanadi?

Respublikaning qator hududlarida anomal issiq sabab ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi bunday holatda xodimlarning mehnat huquqlari qanday ta’minlanishi yuzasidan tushuntirish berdi.

 

Avval xabar berganimizdek, anomal issiq sabab ayrim hududlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilmoqda.

 

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qilishicha, bu holat farzandi bog‘chaga qatnaydigan xodimlarni avtomatik ravishda ishdan ozod qilish yoki ish haqi to‘liq saqlanib qolishini anglatmaydi.

 

Qayd etilishicha, bunday vaziyatlarda mehnat munosabatlari Mehnat kodeksi talablari asosida rasmiylashtiriladi. Ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra quyidagi mehnat rejimlaridan foydalanish mumkin:

 

— masofadan turib ishlash (texnik imkoniyat mavjud bo‘lsa);

 

— moslashuvchan ish vaqti rejimi;

 

— to‘liqsiz ish kuni yoki ish haftasi;

 

— yillik mehnat ta’tilidan foydalanish;

 

— xodimning roziligi bilan ish haqi qisman saqlanadigan yoki ish haqi saqlanmaydigan ta’til.

 

Shuningdek, texnik imkoniyat mavjud bo‘lgan hollarda 14 yoshgacha farzandi bo‘lgan xodimlar masofadan turib ishlashga o‘tkazilishda ustuvor huquqqa ega.

 

Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga anomal issiq sharoitida farzandi bog‘cha yoshida bo‘lgan xodimlarning oilaviy holatini inobatga olib, imkon qadar masofaviy ishlash, moslashuvchan yoki to‘liqsiz ish vaqti rejimlarini qo‘llash hamda mehnat munosabatlarini amaldagi qonunchilik asosida rasmiylashtirishni tavsiya etgan.