Bugun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Rayyan Kids Land” oilaviy korxonasiga berilgan nodavlat ta’lim faoliyati litsenziyasini bekor qilish qilish bo‘yicha ariza ko‘rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining javobgar “Rayyan Kids Land” oilaviy korxonasiga nisbatan xususiy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilishga oid huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash haqidagi arizasi ko‘rib chiqildi.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Rayyona Kids Land” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga nisbatan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlingani aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergan edik. Xususan, mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (“Qiynash”) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu bo‘yicha tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qilingandi.
Sud muhokamasi yakuniga ko‘ra, hal qiluv qarori bilan mazkur oilaviy korxonaga 2025-yil 13-avgustda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya bekor qilingan.
Shuningdek, raislik qiluvchi tomonidan sud hujjatining mazmuni, shuningdek, ushbu qaror ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari taraflarga tushuntirilgan.
