Navoiy viloyatida kutilayotgan anomal issiq sabab ayrim tumanlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 14-iyuldan 17-iyulgacha vaqtincha to‘xtatiladi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, joriy hafta davomida viloyatda havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan tuman (shahar) hokimlarining farmoyishiga asosan quyidagi hududlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 2026-yil 14-iyuldan 17-iyulgacha vaqtincha to‘xtatiladi:
- Uchquduq tumani;
- Nurota tumani;
- Tomdi tumanidagi 2-, 4- va 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
- Konimex tumanidagi 1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10-, 11-, 13-, 14-, 15-, 16- va 17-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, viloyatning boshqa hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya-gigiyena talablari hamda zarur shart-sharoitlar yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Mazkur qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini anomal issiqning salbiy ta’siridan himoya qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20-iyul (dushanba) kunidan boshlab odatdagi tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq havo haroratining keskin ko‘tarilishi sabab Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatining ayrim hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik.
