Fargʻona viloyati Furqat tumanidagi 29-maktabning sobiq direktori Gulirano Qosimova sud qarori bilan avvalgi ishiga tiklandi. Sud uning ishdan boʻshatilishini noqonuniy deb topib, uch oylik majburiy ishga chiqolmagan davri uchun ish haqi undirilishini belgiladi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudi Gulirano Qosimovaning daʼvo arizasini qanoatlantirib, uni avvalgi lavozimiga tiklash haqida qaror chiqardi. Bu haqda Fargʻona viloyat sudlari maʼlum qildi.
Sud qaroriga koʻra, maktab direktorini ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi buyruq gʻayriqonuniy deb topilgan.
Shuningdek, unga uch oylik majburiy ishga chiqolmagan (progul) davri uchun ish haqi undirib berilishi belgilangan.
Sud qaroridan soʻng Gulirano Qosimova sud tizimiga boʻlgan munosabati oʻzgarganini taʼkidlab, quyidagicha fikr bildirgan.
‘‘Bir yil oldingi sudlarga boʻlgan munosabatim bilan hozirgisi oʻrtasida anchagina farq bor. Sababiki, 1-yil oldinlari menda sud tizimiga nisbatan ishonchsizlik bor edi. Lekin hozir sudlarga toʻlaqonli ishonishimning asl sababi — oʻzim boshdan kechirgan holatlardir. Jinoyat ishlari sudi boʻladimi, maʼnaviy zarar undirish boʻyicha fuqarolik sudi yoki mehnat qonunchiligiga doir sudlar boʻladimi, hammasi faqatgina odillik bilan koʻrib chiqilganiga shaxsan guvoh boʻldim’’, — dedi Gulirano Qosimova.
Eslatib oʻtamiz, Gulirano Qosimova 2025-yilda Furqat tumani IIB xodimlari tomonidan tahqirlangani va kaltaklangani haqida maʼlum qilgan edi.
Ushbu holat keng jamoatchilik rezonansiga sabab boʻlgan, keyinchalik sobiq IIB rahbarlariga nisbatan sud hukmi chiqarilgan, oradan koʻp oʻtmay esa Gulirano Qosimova “tomonlarning oʻzaro kelishuvi” asosida lavozimidan boʻshagani maʼlum boʻlgandi.
Endilikda esa sud uning ishdan boʻshatilishini noqonuniy deb topib, avvalgi lavozimiga tiklash hamda uch oylik majburiy ishga chiqolmagan davri uchun ish haqini undirish haqida qaror chiqardi.
