Endilikda oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi

Endilikda oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, yoshlarning tadbirkorlik loyihalari moliyalashtiriladi, oliygohlardagi karyera markazlari rag‘batlantiriladi, dual ta’lim asosida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida “Tadbirkorlik asoslari” fani o‘qitiladi.

 

Bugun, 8-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Unda bitiruvchilarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtiruvchi “Kelajakka qadam” dasturi doirasida 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyiha uchun 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish va 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilmoqda.

 

Shuningdek, oliygohlardagi karyera markazlari faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija koʻrsatgan 20 ta markazga 500 million soʻmdan ajratilishi belgilandi. 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab esa barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fani oʻqitilishi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Yangi mexanizmga koʻra, barcha jarayonlar “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinadi hamda ish beruvchi oʻqishni tamomlagan talabani ish bilan taʼminlashga kafolat beradigan maqsadli dual taʼlim shakli yoʻlga qoʻyiladi.

 

Prezident bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berdi.