Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma onlayn platforma yaratishni taklif qildi. Yangi tizim ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini birlashtirib, yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi hamda ish topish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bugun, 5-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Unda taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda xorijiy oliygohlarning 32 ta, jumladan, Rossiya oliy taʼlim muassasalarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Bu Rossiyaning xorijdagi eng yirik universitetlar tarmog‘i hisoblanadi.
Shu bilan birga, kasbiy taʼlim, ayniqsa, amaliyotga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash dasturlarini joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Onlayn taʼlim servislari mazkur sohadagi samarali hamkorlik mexanizmi boʻlishi mumkin. Bunday servislarning ishga tushirilishi yoshlarga hatto eng chekka hududlarda ham zarur bilimlarni olish imkonini beradi. Bu mehnat mobilligi modelini tubdan o‘zgartiradi va uni tashkil etishni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi.
Shu munosabat bilan Prezident Inson kapitalini rivojlantirish qo‘shma onlayn-platformasini yaratishni taklif etdi. Uning vazifasi – taʼlim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini o‘zaro bog‘lashdan iborat.
Ushbu tizimda taʼlim dasturlari, til o‘rgatish va axborot texnologiyalari kurslari, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ish beruvchilar bilan bog‘lanish imkoniyatlari birlashtirilishi mumkin.
Yoshlar uchun bu yangi iqtisodiyot sari aniq-ravshan yo‘nalish boʻladi. Biznes uchun tayyor kadrlar bazasidan foydalanish imkoniyatidir. Universitetlar va kollejlar uchun bozorning real talabi bilan aloqa vositasidir. Oʻzbekiston va Rossiya uchun esa eng oliy qadriyat bo‘lgan insonlarga uzoq muddatli sarmoyadir.
