HEMIS yangilandi: kontrakt qarzdorligi endi avtomatik nazorat qilinadi

HEMIS yangilandi: kontrakt qarzdorligi endi avtomatik nazorat qilinadi

Endi kontrakt qarzdorligi bor talabalar va qayta o‘qish muddatini o‘tkazib yuborganlar HEMIS tizimi tomonidan avtomatik nazorat qilinadi. Shuningdek, kursdan kursga o‘tkazish, qayta o‘qish, bitiruv jarayonlari va statistika bo‘limlarida qator yangi cheklovlar hamda qulayliklar joriy etildi.

 

HEMIS tizimining navbatdagi yangi versiyasida (1.9.12) ta’lim jarayonlari nazoratini kuchaytirish, kamchiliklarni tuzatish hamda mas’ullar va talabalarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan funksiyalar ishga tushirildi.

 

Tizimdagi asosiy o‘zgarishlar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi:

Qat’iy nazorat va cheklovlar: Talabalarni kursdan kursga o‘tkazish buyrug‘ida ularning joriy o‘quv yilidagi shartnoma bo‘yicha qarzdorligini tekshirish sharti qo‘shildi. Shuningdek, qayta o‘qish muddati tugagandan so‘ng fanni qayta o‘zlashtirish uchun ariza yuborish jarayoni butunlay bloklandi;

 

Statistika va reytinglar: Tizimga “Bitiruvchi” statusidagi talabalar statistikasini ko‘rish bo‘limi qo‘shildi. Endilikda talabalarning ijtimoiy faollik reytingi natijalari bilan Rahbariyat, Registrator ofis va Dekan rollari orqali ham tanishish imkoniyati mavjud;

 

Buyruqlar va bitiruv jarayoni: Bitiruv ishlari mavzusini tasdiqlash buyrug‘ida talabani OTM bo‘yicha ixtiyoriy kafedraga biriktirish imkoni yaratildi. O‘qishga tiklash buyrug‘ida esa talabaning joriy statusi ham aks etadigan bo‘ldi;

 

Texnik tuzatishlar va eksport: Qayta o‘qishdagi va barcha turdagi (ON, JN, YAN) qaydnomalarda baho kiritish maydonidagi chalg‘ituvchi skroll (g‘ildirakcha) elementi olib tashlandi. Plagiat natijalari hamda qayta o‘qish arizalarini (mashg‘ulot soatlari bilan) Excelga eksport qilish funksiyasi takomillashtirildi.

 

Shuningdek,tizim endilikda kontrakt qarzdorligi bor talabalarni va qayta o‘qish muddatini o‘tkazib yuborganlarni avtomatik nazoratga oladi. Shuningdek, talaba transkriptini yuklab olish uchun maxsus API integratsiya interfeysi ishlab chiqildi.

 

Eslatib o‘tamiz, barcha OTM mas’ullaridan hujjatlar va buyruqlarni rasmiylashtirishda tizimning ushbu yangilangan qoidalariga rioya qilishlari so‘raladi.

 

Avvalroq, talabalar endi bitiruv ishlarini HEMIS orqali plagiatga tekshirish mumkinligi haqida xabar bergan edik.