Yangi o‘quv yilidan umumta’lim hamda musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilarining ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘u asboblarini qay darajada ijro etishiga qarab 20 foizgacha ustama to‘lanadi. Shu bilan birga, musiqa va san’at maktablari pedagoglarining oyligi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari bilan bir xil miqdorga tenglashtiriladi.
Xabar berganimizdek, bugun, 1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Prezident madaniyat va san’at sohasida ta’lim tizimini takomillashtirish masalasiga to‘xtaldi.
Bu borada, avvalo, umumta’lim maktablarida musiqa, tasviriy san’at va texnologiya darslari “art” o‘quv dasturi asosida takomillashtirilishi belgilandi.
Ushbu yo‘nalish bolani kreativ fikrlash, jamoaviy ishlashga o‘rgatadi, unda estetik did, emotsional intellekt va innovatsion tafakkurni shakllantiradi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan har bir viloyatdagi 10 tadan umumta’lim maktabida tajriba tarzida art yo‘nalishini joriy qilish topshirildi.
Bunda 1-4-sinfda bolalar rasm, musiqa va o‘yinlar orqali ijodga, madaniyat va san’atga qiziqtiriladi, 5-7-sinf o‘quvchilariga ijodiy jamoada ishlash va o‘z fikrini erkin ifoda etish, 8-9-sinflarda dizayn, grafika va sun’iy intellekt orqali kreativ loyihalarni ishlab chiqish, 10-11-sinflarda ushbu loyihalarni tayyor mahsulotga aylantirish o‘rgatiladi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab, 326 ta musiqa va sanʼat maktabidagi o‘qituvchilarning oyligi ham umumtaʼlim maktablari bilan bir xil bo‘ladi.
Endi umumtaʼlim va musiqa maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20 foizgacha ustama to‘lanadi.
Yangi o‘quv yilida kamida 1,5 million o‘quvchini musiqa va sanʼatga jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun 326 ta musiqa va sanʼat, 29 ta ixtisoslashgan maktab bilan umumtaʼlim maktablari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Musiqa va sanʼat maktablarining ijodiy jamoalari umumtaʼlim maktablarida muntazam konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslarini oʻtkazib borishi zarurligi qayd etildi.
Har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumtaʼlim maktablari o‘rtasida tuman, viloyat, respublika darajasida tanlovlar o‘tkaziladi. Ularning ijod mahsulini respublika bo‘yicha targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari olish uchun 500 million so‘mdan grant beriladi.
Shuningdek, respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va sanʼat oliygohlariga o‘qishga qabul qilinadi.
