Prezident Shavkat Mirziyoyev yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda sohani yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ma’lum qildi. Endilikda yirik tanlov g‘oliblari va ularning ustozlari uchun millionlab so‘mlik mukofotlar, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari hamda ijodiy loyihalarni moliyalashtiruvchi yangi jamg‘arma tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Xabar berganimizdek, bugun, 1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ma’lum qilinishicha, yosh iste’dodlar, ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab respublika tanlovi g‘oliblariga 100 million so‘m, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga esa 300 million so‘mgacha mukofot beriladi va ishtirok etish xarajatlari to‘liq qoplanadi. Ularning ustoz va murabbiylarining oylik maoshiga 100 foizgacha ustama to‘lanadi.
Bunday imtiyoz va yengilliklar xususiy ijodiy guruhlarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, har yili 100 nafar yoshning davlat hisobidan xorijiy madaniyat-san’at dargohlarida ta’lim olishi yo‘lga qo‘yiladi.
Yurtimizdagi yosh iste’dodlarni aniqlab, yuzaga chiqaradigan, prodyuserlarni qo‘llab-quvvatlaydigan biznes loyihalarini ko‘paytirish maqsadida “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi tashkil etiladi va yiliga 200 milliard so‘m beriladi.
