O‘zbekistonda har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. Eng faol va yuqori natijalarga erishgan ijodkorlar davlat tomonidan taqdirlanib, ularga har oy 5 million so‘mdan qalam haqi hamda qator imtiyozlar beriladi.
Bugun, 1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda belgilanganidek, har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. Bu 21 ta ijodiy birlashmaning o‘ziga xos yillik hisoboti bo‘ladi.
Qurultoyda birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarining badiiy kechasi tashkil qilinadi va ular munosib taqdirlanadi.
Misol uchun, musiqa sohasida kamida 10 ta qo‘shiq yoki musiqa yaratgan, xalq artisti, xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan yoki xalqaro tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan, asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar; adabiyot sohasida yuqori darajada e’tirof etilgan badiiy kitob muallifi bo‘lgan, yaratgan asari 50 ming nusxadan ziyod chop etilgan, ijod mahsuli teatr va kinoda sahnalashtirilgan, she’rlari “xit” qo‘shiqqa aylangan shoir, yozuvchi va dramaturglar taqdirlanadi.
Ularga yil davomida har oyda 5 million so‘mdan qalam haqi beriladi, O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajati to‘liq budjetdan qoplanadi. Ularning mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi.
Prezident sovrindorlar keyingi yili ham ijodini to‘xtatmay yangi natijalar qilsa, yuqoridagi imtiyozlarni olishda davom etishi haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq, Prezident bir guruh shoir va yozuvchilarni davlat mukofotlari bilan taqdirlagani haqida xabar bergan edik.
