“1470 ball — bu hali boshlanishi”: Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi SAT’dan 1470 ballik sertifikatni qo‘lga kiritdi

“1470 ball — bu hali boshlanishi”: Farg‘onada 9-sinf o‘quvchisi SAT’dan 1470 ballik sertifikatni qo‘lga kiritdi

Farg‘onadagi maktablardan birida yana bir 9-sinf bitiruvchisi Abdurahmon Qodirov SAT 1470 ballik xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. O‘quvchining ta’kidlashicha, bu ikkinchi urinishda olingan natija bo‘lib, birinchi urinishdagi natijasi uni qoniqtirmagan. Shu sababdan, u o‘z kamchiliklari ustida ishlab, muhitni bilgan holda ikkinchi marta topshirgan va yuqori natija ko‘rsatgan.

 

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi xususiy maktablardan birida tahsil olayotgan 9-sinf bitiruvchisi Abdurahmon Qodirov xalqaro SAT imtihonidan 1470 ball to‘pladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u bir necha yillik izchil mehnat, to‘g‘ri rejalashtirilgan tayyorgarlik va qat’iyat evaziga ushbu muvaffaqiyatga erishdi.

 

Bugun Abdurahmonning maqsadi faqatgina mavjud natija bilan cheklanib qolish emas. U SAT ballini yanada oshirish, IELTS sertifikatini qo‘lga kiritish hamda kelajakda dunyoning nufuzli universitetlarida grant asosida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“SAT bilan tanishuv maktabdan boshlandi..”

 

Abdurahmon ingliz tilini o‘rganishni 6-sinfdan boshlagan. Aynan shu davrda uning maktabida SAT fan sifatida dars jadvaliga kiritilgan.

 

Uning aytishicha, SAT uchun umumiy tayyorgarlik qariyb 3 yil davom etgan. Biroq haqiqiy va intensiv tayyorgarlik oxirgi 1 yil ichida boshlangan.

 

Boshqa fanlar bilan biroz qiyin edi-yu, lekin umuman olganda muammo bo‘lmagan. Tayyorgarlik so‘nggi 1 yil hisobida asosan kun ora 3-4 soat, — deydi u.

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, dastlab matematika bo‘limidagi ikki modulni belgilangan vaqt ichida tugatish qiyin kechgan.

 

Boshlanishida matematikadagi ikki modulni vaqtida tugatish qiyin bo‘lardi. Hozir esa testlarni belgilangan vaqtdan ancha oldin yakunlay olaman.

 

“Xatolar ustida ishlash muvaffaqiyat kaliti bo‘ldi”

 

Abdurahmonning aytishicha, qiyinchiliklarni yengishda aynan o‘z kamchiliklarini tahlil qilish eng katta yordam bergan.

 

Uning tajribasiga ko‘ra, matematika bo‘limida ko‘proq masala ishlash va Desmos kalkulyatoridan samarali foydalanishni o‘rganish uning natijalarini sezilarli yaxshilagan.

 

Ingliz tili qismida esa u vaqtni boshqarish bo‘yicha muntazam mashq qilgan.

 

Ingliz tili qismida asosan vaqtni noto’g’ri boshqarib, oxirida ko‘p savol qolib ketishi, vahimaga tushish, diqqat yo‘qolgani uchun reading question’ni bajarolmaslik va hammasini taxmin urish kabi holatlar bo‘ldi. Muammoni yashirish emas, uning ustida ishlash kerakligini tushungan holda kamchiliklarim ustida ko‘proq ishladim.

 

BlueBook va College Board — asosiy yordamchilar

 

SAT tayyorgarligi davomida Abdurahmon rasmiy manbalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratgan.

 

Bular:

  • BlueBook platformasi;
  • College Board Question Bank;
  • turli SAT practice testlari;
  • Erica Meltzer kitoblari;
  • “SATashkent” matematika qo‘llanmalari.

 

Ikkinchi urinishdagi xotirjamlik

 

Abdurahmon SAT imtihoniga ikkinchi marta kirgani sabab bu safar hayajon ancha kam bo‘lgan.

 

Ikkinchi marta kirganim uchun ancha oson bo‘ldi. Imtihon markazi ham avvalgisi bilan bir xil edi. Tanish muhit bo‘lgani uchun o‘zimni ancha xotirjam his qildim. Natijani kutayotganimda iloji boricha bu haqda o‘ylamaslikka harakat qildim. Menimcha, vaqt shunda tezroq o‘tadi, — deydi Abdurahmon.

 

Natijalar e’lon qilingan kun yosh o‘quvchi uchun unutilmas kunlardan biriga aylandi. Chunki uning qo‘lgan kiritgan natijasi o‘zi kutganidan ham yuqori bo‘lgan.

 

Ma’lumot uchun, 1470 ball SAT tizimida yuqori natijalardan biri hisoblanib, dunyoning ko‘plab nufuzli universitetlariga hujjat topshirish imkoniyatini beradi.

 

Abdurahmon SAT topshirishni rejalashtirayotgan tengdoshlariga ham bir qator tavsiyalar beradi.

 

Uning fikricha, eng muhim jihatlar quyidagilar:

 

  • vaqtni to‘g‘ri taqsimlash;
  • shoshilmaslik;
  • savollarni qayta tekshirish;
  • imtihondagi vositalardan samarali foydalanish.

 

Mark for Review ham juda foydali. Elimination usuli ham ko‘p hollarda to‘g‘ri javobni topishga yordam beradi. Agar vaqt ortib qolsa, savollarni qayta tekshirish albatta natijani yaxshilaydi, — deydi u.

 

Maqsad — Germaniya, AQSH va xalqaro grantlar

 

Abdurahmon hozircha erishilgan natija bilan cheklanib qolmoqchi emas. Uning oldida yangi maqsadlar turibdi.

 

Hali albatta yana SAT topshirib, natijani yaxshilamoqchiman. Lekin bir qancha grant tavsiyalarini ko‘rib chiqish niyat bor. Hozircha bir qancha universitetlarni ko‘rib chiqdim: Germaniya asosiy kandidat ko‘rinadi.

Score’ga qarab Amerikani o‘zidan “University of Florida”ga ham harakat qilib ko‘rishim mumkin. Lekin eng kami bilan chamalaydigan bo‘lsa, ayni vaqtda grounded tanlov Germany bo‘lsa kerak, — deydi u.

 

Shuningdek, Saudiya Arabistonidagi ayrim universitetlar ham uning e’tiborini tortgan.

 

Iqlimini hisobga olmasa, madaniy jihatdan moslashish oson davlatligini hisobga olsam bu ham yaxshi variant. “King Saud University” tution fee tekin hamda requirement’lar xorijiy talabalar uchun nisbatan oson 70% acceptance rate, — deydi o‘quvchi.

 

Suhbat yakunida ayni vaqtda SAT natijasini oshirish va IELTS sertifikatini qo‘lga kiritish ustida ishlayotganini bildirdi.

 

Abdurahmonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, SAT’dan eng yuqori 1590 ball olgan farg‘onalik o‘quvchi Mirziyo Ilhomov bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish