Beruniyda bitiruv kechasiga qatnashishiga ruxsat berilmagan o‘quvchi o‘z joniga qasd qilishga uringani aytilmoqda

Beruniyda bitiruv kechasiga qatnashishiga ruxsat berilmagan o‘quvchi o‘z joniga qasd qilishga uringani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Beruniy tumanidagi maktabning sobiq oʻquvchisi J. R ning sinf rahbari tomonidan “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirida ishtirok etishiga toʻsqinlik qilingani va buning ortidan u oʻz joniga qasd qilishga uringani haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy munosabat bildirib, voqea nazoratga olingani hamda tegishli idoralar tomonidan oʻrganilayotganini maʼlum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli 48-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida 9-sinfgacha tahsil olgan va hozirgi kunda 1-sonli texnikum oʻquvchisi boʻlgan J.R ning onasi farzandining ahvoli boʻyicha murojaat yoʻllagan . Murojatda farzandi J.R ni soʻngi qoʻngʻiroq tadbirlarida ishtirokiga maktab sinf rahbari qarshilik qilgani aytilgan. Natijada, J.R uyida oʻz joniga qasd qilishga uringan.

 

Holat yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, holat MMTV tomonidan nazoratga olinib, oʻrganish ishlari olib borilgan.

 

Vaziyat Beruniy tumani hokimligi, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi, Sarkop ovul fuqarolar yigʻini raisi, maktab ota-onalar kengashi raisi hamda inspektor psixolog tomonidan oʻrganilgan.

 

Oʻquvchiga tibbiy yordam koʻrsatilgan, u tuman tibbiyot birlashmasida davolangan va hozirda umumiy ahvoli yaxshi.

 

2025-2026 oʻquv yilida 48-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabini 81 nafar oʻquvchilar yakunlamoqda. Oʻquvchilar bilan suhbatlar jarayonida holat yuzasidan toʻliq maʼlumotlar olingan.

 

Shuningdek, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi maʼmuriyati tomonidan soʻngi qoʻngʻiroq tadbirlarida turli yigʻim-yigʻimlarga va ortiqcha dabdaba qilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablari ogohlantirilgan va tegishli tushuntirishlar olib borilgan.

 

“Hozirda mazkur holat boʻyicha tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, yakuni boʻyicha toʻliq maʼlumot berib boramiz” — deydi rasmiylar.