O‘zbekiston universitetlari diplomlari xalqaro miqyosda tan olinadi

O‘zbekiston universitetlari diplomlari xalqaro miqyosda tan olinadi

O‘zbekiston Oliy ta’limda sifatni ta’minlash milliy agentligi INQAAHE xalqaro tarmog‘iga to‘liq a’zo bo‘ldi. Mazkur kelishuv talabalarning diplomlari xalqaro tan olinishi, xorijda o‘qish va ishlash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

 

London shahrida yakunlangan “Education World Forum 2026” doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun tarixiy kelishuv rasman tasdiqlandi.

 

Oliy ta’limda sifatni ta’minlash milliy agentligi dunyoning eng nufuzli INQAAHE (International Network for Quality Assurance Agencies in Higher Education) xalqaro tarmog‘iga to‘liq a’zo bo‘ldi.

 

Bu nima degani va talabalarga qanday foydasi bor?

 

– O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro standartlarga muvofiq deb topildi. Endilikda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan universitetlar diplomlarining xalqaro miqyosda tan olinishi imkoniyati keskin kengayadi;

 

– Bitiruvchilarning chet elda ta’limni davom ettirishi (Master/PhD) hamda rasmiy mehnat faoliyatini olib borishi sezilarli darajada osonlashadi;

 

– Universitetlarimizning nufuzli xalqaro reytinglarda yuqorilashi hamda xorijiy OTMlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratiladi;

 

– Akkreditatsiya jarayonlariga INQAAHE tarmog‘i orqali yuqori malakali xalqaro ekspertlarni jalb etish imkoniyati yaratiladi, bu esa davlat akkreditatsiyasi sifatini yanada oshiradi;

 

Milliy ekspertlar malakasini oshirish va xalqaro tajribani tizimli o‘rganish imkoniyatlari kengayadi.

 

Ma’lumot uchun, INQAAHE dunyodagi 140 dan ortiq davlatlarning ta’lim sifatini baholash agentliklarini birlashtirgan eng yirik xalqaro tarmoq hisoblanadi.