“Prezident maktabiga kirolmasam ham, orqaga chekinmadim” — 6-sinf o‘quvchisi IELTS 6,5 va SAT 1260 ballik sertifikatlarni oldi

“Prezident maktabiga kirolmasam ham, orqaga chekinmadim” — 6-sinf o‘quvchisi IELTS 6,5 va SAT 1260 ballik sertifikatlarni oldi

Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida 6-sinf o‘quvchisi Abdusattorova Shodiya Muzaffar qizi IELTS 6,5 va SAT 1260 ballik sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U IELTS sertifikatini 5-sinfda, SAT sertifikatini esa bir yil o‘tgach oldi.

 

Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi maktablardan birida 6-sinf oʻquvchisi Abdusattorova Shodiya Muzaffar qizi IELTS 6,5 va SAT 1260 ballik xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

 

Eng qizig‘i, u IELTS sertifikatini 5-sinf vaqtida olgan bo‘lib, undan bir yil o‘tib SAT sertifikatiga ega bo‘ldi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Boshlang‘ich qiziqish va tayyorgarlik

 

Shodiya Olmaliq shahridagi 16-umumta’lim maktabining rus sinfida 1-sinfdan boshlab ingliz tilini o‘rganib kelgan. Onasi uni 3-sinfda Prezident maktabiga tayyorlash maqsadida xususiy maktabga o‘tkazgan.

 

“3-sinfdan boshlab onam meni Prezident maktabiga tayyorlash maqsadida Olmaliq shahridagi o‘zbek tilida dars beriladigan xususiy maktab — Buxoro maktabiga o‘tkazdi. Bu maktabda ingliz tili va matematika chuqurlashtirib o‘qitilardi”, — deydi u.

 

Natijasida, o‘qituvchilarining o‘rnini alohida ta’kidladi:

 

“Maktabda Gulruxsor va Oyisha ustozlarim ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishim va bilimimga mustahkam poydevor qo‘yishdi. Matematika fanidan esa Yorqin va Zarifa ustozlarimning mehnati beqiyos bo‘ldi. 3-sinfda hatto yozgi ta’tilda ham dam olmasdan tayyorgarlik ko‘rganmiz”, — eslaydi o‘quvchi.

 

2024-yil 4-sinfni tugatgach, Shodiya Prezident maktabi imtihonlarida ishtirok etgan. Matematika bosqichida 3829 nafar talabgor orasida 95,3 ball bilan 41-o‘rinni egallagan.

 

“2024-yil Prezident maktabi imtihonlarida ishtirok etdim. 3829 nafar talabgor orasidan matematika bosqichida 95,3 ball bilan 41-o‘rinni egalladim. Birinchi bosqichdan 480 nafar o‘quvchi saralab olingan edi. Ikkinchi bosqichda esa 31-o‘rinni oldim, ammo qabul qilinadigan 24 nafarlik ro‘yxatga kirishim uchun atigi 2 ball yetmadi,” — deydi Shodiya.

 

Shu bilan bir vaqtda Ohangarondagi ixtisoslashtirilgan maktabga ham hujjat topshirganligi sababli, u yig‘gan ballar bilan o‘sha maktabga qabul qilingan. Ammo qatnov qiyinligi sababli bir chorakdan keyin yana Buxoro maktabiga qaytgan.

 

Prezident maktabiga tayyorgarlik jarayonida men allaqachon 6–7-sinf darajasidagi ingliz tili va matematika kitoblarini o‘qib chiqqan edim. Shu sababli 5-sinf darslari menga takrordek va zerikarli tuyula boshladi. Onam buni sezib, maktab rahbari Azizbek Ibragimov bilan maslahatlashdi. Bir sinf “sakrash” imkoniyati haqida so‘radi, ammo bunday tartib yo‘q ekan.

Shunda maktab rahbari Azizbek Isroilovich shunday taklif berdi:

“Unda Shodiya IELTS va SAT’ga tayyorlansin. Biz unga maktabda barcha sharoitni yaratib beramiz”.

 

“Kuniga 8 soatlab o‘qirdim..”

 

O‘quvchining aytishicha, bu taklif uning hayotidagi eng muhim turtkilardan biri bo‘lgan. 5-sinfni tugatgach esa IELTS imtihoni uchun tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

 

“IELTS imtihoniga tayyorgarlik jarayonida Ulug‘bek Sultonov ustozdan saboq oldim. Bu jarayonda Cambridge 9–19 series kitoblari, Engnovate platformasi, Destination B1 va B2 grammatika kitoblari, shuningdek New Scientist va Inside Reading materiallaridan foydalandim”.

 

Katta natijalar ortida yaxshigina mehnat va qiyinchilik bo‘lgani sabab, yosh o‘quvchi o‘z tengdoshlariga qaraganda ko‘proq yuki bor edi.

 

“Kuniga 8 soatlab o‘qirdim. Yozning issiq kunlari, tinimsiz darslar, vazifalar… Rostini aytsam, juda charchardim. 3-sinfdan beri deyarli har kunim o‘qish bilan o‘tayotgan edi. Ammo onamga va maktab rahbarimizga bergan va’dam meni oldinga harakat qilishga majbur qilardi. Chunki bu mening o‘z tanlovim edi va orqaga chekinishga haqqim yo‘qligini his qilardim”, ta’kidlaydi u.

 

“Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi..”

 

Shodiya 3 oylik katta tayyorgarlikdan keyin ilk bor IELTS imtihoniga kirgan. U buni quyidagicha ta’riflaydi:

 

“Imtihon muhiti men uchun mutlaqo yangi edi. Juda qattiq hayajonlanganman. Ikki kundan keyin natija chiqdi. O‘sha kuni maktabda tadbir bo‘layotgan edi. Meni shoshilinch chaqirishdi. Hamma bir o‘quvchining telefoni atrofida to‘plangan, men esa orqaroqda turibman. Bir payt:

“6,5!” — degan ovoz eshitildi.

Hamma qarsak chalib meni tabriklay boshladi. O‘sha payt yelkamdan katta tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Ichimda faqat bitta gap aylanardi: — Men uddaladim!”

 

“Har kuni deyarli 7 soat SAT bilan shug‘ullanardim”

 

IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgan Shodiya yana boshqa maqsadi tomon harakatni boshladi.

 

“6-sinfning oktyabr oyidan SAT’ga tayyorgarlikni boshladim. Sarvar Nurmirzayev ustozdan ta’lim oldim. App.lumist.ai, Whiz platformalari, College Panda Math va SATashkent Math Book kitoblari asosiy manbalarim bo‘ldi. Har kuni lug‘at yodlardim, maqolalar o‘qirdim va deyarli 7 soat SAT bilan shug‘ullanardim”.

 

Shodiya 6 oylik tayyorgarlikdan so‘ng, SAT topshirish uchun imtihonga kiradi.

 

“Nihoyat, 2026-yil 2-may kuni SAT imtihonini topshirdim. 16-may kuni natijalar e’lon qilindi. O‘sha kuni uyda edim. Soat taxminan 17:00 atrofida. Onam quvonch bilan:

‘Shodiya, tabriklayman! 1260 chiqibdi natijang!’ dedilar.

O‘sha lahzada o‘zimni osmonda uchayotgandek his qildim. Yelkamdagi yana bir katta yuk tushib ketgandek bo‘ldi.

— Men uddaladim. Onamga bergan va’damning ustidan chiqdim, — deb o‘yladim ichimda”.

 

Kelajak orzulari va tavsiyalar

 

Shodiyaning aytishicha, uning eng katta maqsadi — dunyodagi TOP-100 universitetlardan birida tahsil olish.

 

“Mening eng katta maqsadim — dunyodagi TOP-100 talikka kirgan nufuzli xalqaro universitetlardan birida o‘qish. Masalan, Stanfordʼda tahsil olishni orzu qilaman. Kelajakda insonlarga va yaxshilikka xizmat qiladigan dasturlar yaratishni xohlayman”, — deydi u.

 

Shu bilan birga, o‘quvchining so‘zlariga ko‘ra u dasturchilikdan tashqari yana rasm chizish, sport va yana ko‘p mashg‘ulotlarga qiziqadi.

 

“Men ko‘p narsalarga qiziqaman: dasturchilik, rasm chizish, sport, shaxmat, musiqa…Uyimizda pianino bor. Opam Konservatoriyada o‘qiydi. Uni kuzatib, hozir men ham kuylar chalishni o‘rganyapman”.

 

Yosh bo‘lishiga qaramay, katta natijalarga erishayotgan Shodiya sertifikat olmoqchi bo‘lganlarga quyidagicha tavsiyalari bilan bo‘lishdi:

 

“Boshqalarning ‘sen uddalay olmaysan’ degan gaplariga hech qachon ishonmang. Orzularingiz sari doim olg‘a intiling. Muvaffaqiyatsizliklar ruhingizni tushirmasin. Agar natija siz kutgandek chiqmasa ham, yanada yuqoriroq natija uchun harakat qilishdan to‘xtamang!”

 

Shodiyani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Navoiyda 8-sinf o‘quvchisi IELTS 8.0 va SAT 1250 natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Suhbatni ushbu link orqali oqishingiz mumkin