Garvard universiteti professorlari a’lo baholarni 20 foizga kamaytirmoqchi

Garvard universiteti professorlari a’lo baholarni 20 foizga kamaytirmoqchi

20-may kuni Garvard universiteti professor o‘qituvchilari bir ovozdan yuqori baholarni maksimal tarzda 20 foizga cheklashga ovoz berishdi. Chunki Garvard bitiruvchilarining 60 foizdan ortig‘i A (a’lo) baho olgan bo‘lib, bunday ko‘rsatkich 20 yildan oldin chorak qismni tashkil etgan.

 

Joriy yilning 20-may kuni Garvard universitetining professorlari baholar inflyatsiyasi (o‘sishi)ni kamaytirish maqsadida “A” baholarini maksimal 20 foizga cheklashga ovoz berishdi.

 

“Bugun Garvard professorlari baholar haqiqiy ma’nosini anglatishini ta’minlashga qaror qildilar”, — dedi professorlar qo‘mitasi a’zosi.

 

Uzoq yillar davomida baholar inflyatsiyasi muammo hisoblangan bo‘lib, lekin bir professor uni yolg‘iz hal qila olmagan. Endi professorlar birgalikda bu muammoni hal qilishga qadam tashlashdi.

 

Izoh: inflyatsiya — bu lotincha “inflatio” so‘zidan olingan bo‘lib, “bo‘rtish”, “ko‘tarilish” degan ma’nolarni anglatadi.

 

San’at va fanlar fakulteti professorlari mazkur taklifni muhokama qilib, yakuniy kurslarda “A” (a’lo) baholarini maksimal 20 foizga cheklashga rozilik bildirishdi. Kichik kurslar uchun 4 ta qo‘shimcha o‘rin hisobga olinadi, A- va pastroq baholar cheklovga kirmaydi.

 

A+, A – xorijdagi ta’lim muassasalarida bu belgi a’lo bahoni bildiradi.

 

Shuningdek, professorlar talabalarga mukofot va sovrinlar berishda GPA o‘rniga o‘rtacha foiz reytingini (APR) qo‘llashni ma’qullashdi.

 

Bakalavr ta’limi dekani Amanda Kleybovning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Garvarddagi akademik madaniyatni mustahkamlashga xizmat qiladi va boshqa universitetlarga ham shunday qat’iyat bilan harakat qilishga turtki beradi. Shu bilan birga, baholash tizimi talabalarga aniq fikr berish, haqiqiy yutuqlarni tan olish va akademik missiyani saqlashga xizmat qiladi.

 

Yangi tartib 2027–2028 o‘quv yilidan kuchga kiradi va uni uch yil o‘tgach qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Bu barcha bakalavr kurslaridagi harflar bilan baholangan fanlarga tatbiq etiladi.

 

Qayd etilishicha, ushbu chora fevral oyida taklif qilingan, chunki Garvard bitiruvchilarining 60% dan ortig‘i “A” bahosini olgan. 20 yil oldin esa bu ko‘rsatkich atigi 4 dan bir qismni tashkil qilgan. Fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, deyarli 85% talabalar “A” baholarini cheklash g‘oyasiga qarshi chiqqan. Ba’zi talabalar bu tizimni rad etish uchun petitsiya boshlashgan.