“189 ball — imkonsiz natija emas, bu shunchaki to‘g‘ri reja mahsuli”: qashqadaryolik o‘quvchi muddatidan oldin maksimal ball to‘pladi

“189 ball — imkonsiz natija emas, bu shunchaki to‘g‘ri reja mahsuli”: qashqadaryolik o‘quvchi muddatidan oldin maksimal ball to‘pladi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 11-maktabning 11-“B” sinf o‘quvchisi Choriyev Boburjon Bobomurodovich qisqa muddat ichida bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. U tarix fanini atigi 4 oy davomida mustaqil tayyorlanib o‘rganib, maksimal natijaga erishganini aytadi.

 

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 11-maktabning 11-“B” sinf o‘quvchisi Choriyev Boburjon Bobomurodovich 4 ta fandan milliy sertifikatlar oldi. Natijada, u muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Kelajakdagi rejalari haqida gapirar ekan, Bobur Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) xalqaro munosabatlar yo‘nalishi yoki Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU)dagi davlat boshqaruvi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirganini ta’kidladi.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi menga kechroq kelgan”

 

Uning aytishicha, sertifikat olish haqidagi qaror birdan shakllanmagan. U bunga o‘zidan katta o‘quvchilarning natijalarini kuzatish orqali kelgan.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi menga kechroq kelgan bo‘lsa-da, bu qarorim atrofimdagi yoshi kattaroq o‘quvchilarning natijalarini kuzatish natijasida shakllandi”, — deydi u.

 

Tayyorgarlik jarayoni taxminan 6–7 oy davom etgan. Shu vaqt ichida u barcha asosiy fanlardan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan:

 

  • tarix A— 4 oyda;
  • ingliz tili B2 — 6 oyda;
  • matematika A — 7 oyda;
  • ona tili C — 3 oyda.

 

“Tarixni repetitorsiz, har kuni 1–2 soat o‘qib o‘rgandim”

 

Bobur bir vaqtning o‘zida uchta fan bilan shug‘ullanganini, shunga qaramay tarix fanini mustaqil o‘rganishga qaror qilganini aytdi.

 

“Bir vaqtning o‘zida uchta fan bilan shug‘ullanganim sababli vaqtim cheklangan edi. Shunga qaramay, asosiy fanim bo‘lgan tarixni mustaqil ravishda o‘rganishga qaror qildim va 4 oy ichida maksimal natijaga erishdim. Bu jarayonda na repetitor, na onlayn kurslardan foydalandim — har kuni uxlashdan oldin 1–2 soat davomida mustaqil o‘qish bilan cheklanganman”, — deydi u.

 

Uning ta’kidlashicha, tarix, matematika va ona tilini parallel ravishda olib borish qiyin bo‘lsa-da, bu imkonsiz darajadagi vazifa emas.

 

“Ko‘pchilik 189 ballni qandaydir g‘ayriinsoniy natijadek ko‘rsatadi. Go‘yoki bunga faqat alohida iste’dod egalari erishadigandek. Ba’zida charchoq bo‘ladi, ba’zida fokus yo‘qoladi. Lekin ochig‘i, bu “imkonsiz” darajadagi qiyinchilik ham emas. Aslida, bu to‘g‘ri reja, intizom va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash natijasi”, — deydi Bobur.

 

“Tarix sertifikatidagi barcha topshiriqlarni 28 daqiqada ishlaganman”

 

Bo‘lg‘usi talabaning so‘zlariga ko‘ra, test jarayonlari uning uchun doimo odatiy hol bo‘lgan. U tarix fanidan milliy sertifikat topshirig‘ini juda qisqa vaqtda yakunlaganini ham alohida gapirib o‘tdi.

 

“Imtihon va test sinovlari men uchun odatiy jarayon bo‘lib, ularda doimo yuqori natijalar qayd etilgan. Tarix fanidan milliy sertifikat imtihonida barcha topshiriqlarni bajarish va javoblar varag‘ini to‘ldirish uchun atigi 28 daqiqa vaqt sarfladim, bu esa tayyorgarlik darajamni yaqqol namoyon etdi”.

 

Yoz vaqtida u kunning birinchi yarmida matematika, keyingi qismida ona tili mashg‘ulotlariga qatnashgan, kechqurun esa tarixni mustaqil ravishda o‘rgangan.

 

“Vaqtni boshqarish nuqtai nazaridan, yozgi davrning qulayligidan foydalanib, kunning birinchi yarmida matematika, keyingi qismida ona tili mashg‘ulotlariga qatnashardim, kechqurun esa tarix fanini mustaqil ravishda o‘rganardim. Tayyorgarlik davomida stress yoki tushkunlik holatlari kuzatilmadi, chunki maqsadim aniq va natija oldindan belgilangan edi”, — dedi u.

 

“Meni boshqalardan ajratib turadigan super qobiliyat yo‘q”

 

O‘quvchining fikricha, bugungi ta’lim tizimida o‘quvchilarni bilim darajasiga qarab guruhlarga ajratish kerak. Bu esa o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi va bilim darajasining oshishiga xizmat qiladi.

 

“Men qilgan ishni boshqalar ham qila oladi. Bu yerda hech qanday super qobiliyat yo‘q”, — deya qo‘shimcha qiladi Bobur.

 

Hozirda Bobur o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda. U bir nechta xorijiy tillarni o‘rganishni boshlagan.

 

“Hozir asosiy e’tiborimni xorijiy tillarni o‘rganishga qaratganman. Jumladan, ispan, italyan, nemis va fransuz tillarini o‘rganishni boshladim”, — deydi u.

 

Boburni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Samarqandda 10-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.