“Oʻtkan kunlar” asari tarjimoni Mark Riz O‘zDJTUga qarshi sudda g‘alaba qozondi. Universitet mas’ul xodimidan 20 million 600 ming so‘m tovon puli undiriladigan bo‘ldi.
Amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Riz mualliflik huquqi buzilgani uchun sudda gʻalaba qozondi. Unga OʻzDJTU 20 mln 600 ming soʻm tovon toʻlaydigan boʻldi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga koʻra, joriy yilning aprel oyida sharqshunos olim Mark Riz tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqi buzilishi natijasida yetkazilgan zarar yuzasidan tovon puli (kompensatsiya) undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi kiritilgan.
Mazkur daʼvo arizasi boʻyicha fuqarolik ishi koʻrib chiqilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan javobgar Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti masʼul xodimi M. Chutpulatovdan daʼvogar Mark Riz foydasiga BHMning 50 baravari yaʼni 20 million 600 ming soʻm miqdorida tovon undirilishi belgilangan.
Shuningdek, avvalroq tarjimon va sharqshunos olim Mark Riz uning 15-yil davomida ingliz tiliga (“Bygone Days”) tarjima qilgan “Oʻtkan kunlar” asarining ruxsatsiz elektron shaklda tarqalayotgani haqida Adliya vazirligiga murojaat qilgan.
Murojaat asosida Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida oʻrganish oʻtkazilib aniqlangan huquqbuzarlik boʻyicha universitet masʼul xodimiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177¹-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.
Sud qaroriga koʻra, masʼul xodimga 2 060 000 soʻm miqdorida jarima belgilangan hamda asarning elektron nusxasini unilibrary.uz tizimidan oʻchirish majburiyati yuklatilgan.
“Maʼlumot uchun, qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishga haqli hisoblanadi” — deyiladi xabarda.
Avvalroq, yana bir oliygoh xodimi “Oʻtkan kunlar” asari tarjimasini ruxsatsiz tarqatgani sababli jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edik.
