Maktabdagi otishmadan so‘ng Turkiya bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklamoqda

Maktabdagi otishmadan so‘ng Turkiya bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklamoqda

Parlament 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklaydigan qonun loyihasini ishlab chiqdi. Qonun loyihasi Turkiya prezidenti tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi. Bunday qarorga so‘nggi paytlar mamlakat hududida yuz berayotgan ta’lim muassasalaridagi otishmalar sabab bo‘lgan.

 

Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq platformalariga  foydalanuvchilarning yoshini tekshirish hamda bolalar uchun zararli deb topilgan kontentni tezkorlik bilan bloklash talabi qo‘yiladi.

 

Qonun loyihasi Turkiyaning janubidagi Qahramonmarash shahrida yuz bergan fojiali hodisadan bir hafta o‘tib qabul qilindi. O‘shanda 14 yoshli o‘smir ov quroli bilan umumiy o‘rta maktabda  qurolli hujum sodir etgan va buning natijasida maktab o‘quvchilari va o‘qituvchisi vafot etgan edi. Hozirda politsiya hujumni sodir etgan bolaning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari va uning faolligini o‘rganmoqda.

 

Yangi tartibga ko‘ra, YouTube, TikTok, Facebook va Instagram kabi raqamli platformalar 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga akkaunt ochishga ruxsat bermasligi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ota-onalar farzandlarining platformalardan foydalanishini boshqarishi uchun nazorat vositalari ham joriy etiladi.

 

Bundan tashqari, onlayn o‘yin kompaniyalari ham yangi qoidalarga rioya qilishi uchun Turkiyada o‘z vakilini tayinlashi talab etiladi. Qoidabuzarlik holatlarida kompaniyalarga nisbatan jarima qo‘llanishi yoki internet tezligini cheklash kabi choralar ko‘rilishi mumkin.

 

Qonun kuchga kirishi uchun endi uni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 15 kun ichida tasdiqlashi kerak. Prezident avvalroq bolalarning xavfsizligi va shaxsiy hayotiga internet orqali yuzaga kelayotgan tahdidlarni kamaytirish zarurligini ta’kidlagan edi.

 

Biroq muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi ushbu taklifni tanqid qildi. Partiya vakillariga ko‘ra, bolalarni himoya qilish taqiqlar orqali emas, balki huquqlarga asoslangan siyosat orqali amalga oshirilishi kerak.

 

So‘nggi vaqtlarda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi bir qator mamlakatlarda keskin muhokama qilinmoqda. Jumladan, Avstraliya va Daniya kabi mamlakatlar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini allaqachon cheklab bo‘lgan. Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarda ham bu taklif berilgan edi.