Namanganda 4-sinf oʻquvchisi CEFR B2 darajali sertifikatni qoʻlga kiritdi

Namanganda 4-sinf oʻquvchisi CEFR B2 darajali sertifikatni qoʻlga kiritdi

Namangan viloyati, Uychi tumani 40-umumtaʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi Mirzaakbarova Mumtozbegim ingliz tilidan CEFR B2 darajali sertifikatni qoʻlga kiritdi.

 

U chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovining qismlaridan quyidagi natijalarni qayd etdi:

 

  • Listening (tinglab tushunish) — 57;
  • Reading (oʻqish) — 45;
  • Writing (yozish) — 50;
  • Speaking (gapirish) — 52.

 

Mumtozbegimning onasi Boqieva Nargiza Talimxabarlari.uz saytiga ma’lum qilishicha, farzandida ingliz tiliga qiziqish 1-sinfni bitirgach boshlangan.

 

U avvalgi yilgi imtihonda 48 ball to‘plagan bo‘lsa, bu yil umumiy 51 ball natija qayd etgan. Imtihon natijasi e’lon qilingach, uni ko‘rib onasi juda hayajonlanganini aytadi.

 

“His-tuyg‘ularim juda hayajonli bo‘ldi. Kichkina qiz shunchalik natijaga erishadimi, deb o‘yladim”, — deydi Mumtozbegimning onasi.

 

Onasining aytishicha, Mumtozbegimning ushbu natijaga erishishida eng katta sabab uning qiziqishi va oʻqituvchilarining qoʻllab-quvvatlashi boʻlgan.

 

“Bolalarni yoshligidanoq qoʻshimcha mashgʻulotlarga berish kerak. Baʼzilar bu yoshda bola faqat oʻynashi kerak, deb oʻylaydi. Lekin men bunga qoʻshilmayman. Bolalar yoshligidan oʻqishga yoʻnaltirilsa, albatta natija boʻladi”, — deya boshqa ota-onalarga tavsiya beradi Mumtozbegimning onasi.

 

Avvalroq, Samarqandda ham 4-sinf oʻquvchisi Chet tilini bilish darajasi boʻyicha B2 darajali koʻrsatkichni qayd etganligi haqida xabar bergan edik.