Alohida ta’lim muassasalarida yangi tartib: dars yuklamalari endi malaka toifasiga qarab taqsimlanadi

Alohida ta’lim muassasalarida yangi tartib: dars yuklamalari endi malaka toifasiga qarab taqsimlanadi

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar o‘qiydigan ixtisoslashtirilgan muassasalarda dars yuklamalarini taqsimlash va tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirishning yangi tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, endi dars soatlari avvalo yuqori malakali va sertifikatga ega pedagoglarga beriladi, o‘qituvchilarga qo‘yiladigan talablar kuchaytiriladi hamda barcha jarayonlar aniq muddatlar asosida elektron tizim orqali nazorat qilinadi.

 

Adliya vazirligi Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3819, 16.04.2026-y.).

 

Nizomga koʻra, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi.

 

Xususan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yoʻnalishida oliy maʼlumotga ega boʻlishi hamda oʻquvchilarning ehtiyojiga mos maxsus metodikalarni (imo-ishora tili, Brayl alifbosi, nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullari) bilishi shart.

 

Hujjatda dars soatlarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham belgilandi.

 

Unga koʻra, dars yuklamalari avvalo malaka toifasi yuqori boʻlgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi.

 

Shuningdek, 1 pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq boʻlmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha ruxsat etilishi nazarda tutilgan.

 

Nizom bilan tarifikatsiya roʻyxatini shakllantirish, koʻrib chiqish va tasdiqlashning aniq muddatlari belgilandi.

 

Jumladan, dars soatlari 17-sentyabrga qadar elektron tizimga kiritiladi, 25-sentyabrga qadar esa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.