Xabaringiz bor, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovining tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 21–30-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu ko‘rik tanlovni o‘tkazilish tartibi bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 13-apreldagi 134-sonli buyrug‘i tasdiqlandi.
Mazkur tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzodlar joriy yilning 19-aprel kuniga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari lozim.
Nizomga ko‘ra, talabgorlar quyidagi hujjatlarni tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlariga taqdim etish lozim:
– DMTT direktor oʻrinbosarlari va tarbiyachilari pedagogik kengashi qarori;
– ONMTT tarbiyachilari faoliyat yuritayotgan YATT maʼlumotnomasi (maʼlumotlar nodavlat-bogcha.uz axborot tizimidan tekshiriladi);
– mehnat daftarchasidan koʻchirma.
Tanlov nominatsiyalari
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari mutaxassislari uchun:
- “Eng namunali direktor oʻrinbosari”;
- “Eng yaxshi oʻyin orqali taʼlim beruvchi tarbiyachi”;
- “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”;
- “Eng yaxshi eko-targʻibotchi tarbiyachi”;
- “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi”;
- “Maʼnaviy qadriyatlar tarbiyachisi”;
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun:
- “Oʻyin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi”;
- “Eng namunali tarbiyachi”.
Kimlar ishtirok etadi?
Bunda:
- “Eng namunali direktor oʻrinbosari” va “Eng yaxshi oʻyin orqali taʼlim beruvchi” nominatsiyalarida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotli direktor oʻrinbosari va tarbiyachilari;
- “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Eng yaxshi eko-targʻbotchi tarbiyachi”, “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi” hamda “Maʼnaviy qadriyatlar tarbiyachisi” nominatsiyalarida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari oliy maʼlumotga ega boʻlmagan tarbiyachilari (oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan tarbiyachilar ishtirok etmaydi);
- “Oʻyin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi” nominatsiyasida ONMTTning oliy maʼlumotli tarbiyachilari;
- “Eng namunali tarbiyachi” nominatsiyasida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumotga ega boʻlmagan tarbiyachilar (oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan tarbiyachilar ishtirok etmaydi) ishtirok etadi.
Oldingi yillarda tashkil etilgan tanlovning respublika final bosqichida I, II va III-oʻrinni egallagan gʻoliblar mazkur tanlovda qayta ishtirok etish huquqiga ega emas.
Tanlov shartlari va baholash tartibi
Tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlari quyidagi shartlar asosida oʻtkaziladi:
- birinchi shart – test sinovi: ishtirokchilarga maktabgacha taʼlim sohasi boʻyicha 30 ta test savollari beriladi. Har bir savol uchun 2 (ikki) daqiqa vaqt beriladi.
Test savollarining har bir toʻgʻri javobi 1 (bir) ball bilan baholanadi va umumiy 30 ballni tashkil etadi.
- ikkinchi shart – Loyiha taqdimoti: ishtirokchilar tanlovda ishtirok etayotgan nominatsiyasi doirasida maktabgacha taʼlim sifatini oshirish, taʼlim-tarbiya jarayonini oʻyin orqali tashkil etish va ilgʻor pedagogik texnologiyalarni qoʻllash, bolalarning har tomonlama rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan loyiha taqdim etadi.
Har bir ishtirokchiga taqdimot uchun 10 (oʻn) daqiqa vaqt beriladi. Ishtirokchining loyiha taqdimoti 20 ballik mezon asosida baholanadi.
- uchinchi shart – pedagogik mahoratni aniqlash: ishtirokchilar tanlagan haftalik mavzu asosida ochiq mashgʻulot oʻtkazadi.
Hakamlar hayʼati aʼzolari ochiq mashgʻulotni kuzatish orqali ishtirokchini baholash mezonlari asosida baholaydi.
Ishtirokchining pedagogik mahorati 50 ballik mezon asosida baholanadi.
Tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlarida test sinovi natijalariga koʻra, 20 va undan yuqori ball toʻplagan ishtirokchilar loyiha taqdimoti shartida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi.
Tanlov har yili aprel-may oylarida quyidagi bosqichlar va muddatlarda oʻtkaziladi:
- tuman (shahar) saralash bosqichi – 21-30-aprel kunlari maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor oʻrinbosarlari va tarbiyachilari oʻrtasida;
- hududiy saralash bosqichi – 4-8-may kunlari tuman (shahar) saralash bosqichida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar oʻrtasida;
- respublika final bosqichi – 21-22-may kunlari hududiy saralash bosqichida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar oʻrtasida.
Tanlov gʻoliblari va sovrindorlarni taqdirlash
Tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlarida gʻolib va sovrindorlari quyidagi tartibda:
a) tuman (shahar) saralash bosqichida har bir nominatsiya boʻyicha 1-, 2- va 3-oʻrin uchun – faxriy yorliq, qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar, kasaba uyushmalari va homiylarni jalb etgan holda esdalik sovgʻalari bilan;
b) hududiy saralash bosqichida har bir nominatsiya boʻyicha 1-, 2- va 3-oʻrin uchun – faxriy yorliq, qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar, kasaba uyushmalari va homiylarni jalb etgan holda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Barcha nominatsiyalar boʻyicha tanlovning tuman (shahar) va hududiy saralash bosqichlarida 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilar gʻolib, 2- va 3-oʻrinni egallagan ishtirokchilar sovrindorlar hamda respublika final bosqichida 1-, 2- va 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilar gʻolib deb hisoblanadi.
Tanlovning tuman (shahar) saralash bosqichi gʻolib va sovrindorlari tuman (shahar) bosqichi ishchi guruhlarining yigʻilishi bayonnomasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Apellyatsiya tartibi
Tanlov natijalaridan norozi boʻlgan ishtirokchilar natijalar eʼlon qilingan vaqtdan boshlab bir soat davomida apellyatsiya komissiyalariga apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Apellyatsiya shikoyati besh ish kun ichida koʻrib chiqiladi.
Imtiyoz
Tanlov yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga quyidagi imtiyozlar beriladi:
— oliy maʼlumotli ishtirokchilarning malaka toifalari bir pogʻona oshiriladi;
— oliy maʼlumotga ega boʻlmagan ishtirokchilar OTMning “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishiga kirish imtihonlarisiz oʻqishga kirish imkoniyati taqdim etiladi.


