Xabaringiz bor, Vazir jamg‘armasi hisobidan ustama olish uchun o‘tkazilgan saralashning birinchi bosqichi natijalari yuzasidan e’tiroz va savollar yuborish imkoniyati yaratildi.
Talabgorlar murojaatlarini joriy yilning 17-aprel kuni soat 23:59 ga qadar pedagog.uzedu.uz platformasi orqali yuborishlari mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi saralash jarayonlarining birinchi bosqichi sifatida 2025-yilda o‘tkazilgan bahorgi va kuzgi malaka sinovlari natijalari tahlil qilingan. Unda mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha umumiy ballning kamida 80 foizini, ya’ni 64 ballni qo‘lga kiritgan 36 ming nafardan ortiq nomzod ishtirok etgan.
Tahlil yakunlariga ko‘ra:
— umumta’lim maktablari uchun ajratilgan 1 400 ta kvota doirasida 4 200 nafar;
— ixtisoslashtirilgan maktablar uchun 100 ta kvota bo‘yicha 281 nafar;
— maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun 400 ta kvota asosida 223 nafar nomzod saralab olingan.
Mazkur pedagoglarga pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali nomzod sifatida tavsiya etilgan yoki etilmaganligi haqida xabarnomalar yuborilgan.
Vazirlikka ushbu natijalar yuzasidan turli savollar kelib tushgani sababli, platformada e’tiroz yuborish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.
E’tiroz kimlar uchun?
2025-yilda attestatsiya sinovlarida ishtirok etib, asosiy fan blokidan 64 va undan yuqori ball olgan pedagoglar e’tiroz yuborishlari mumkin.
E’tirozni qanday yuborish mumkin?
Buning uchun quyidagi bosqichlarni bajaring:
— “Pedagog” platformasiga kiring;
— “Profil” bo‘limiga o‘ting;
— “E’tiroz yuborish” qismini tanlang;
— kerakli ma’lumotlarni to‘ldirib, “Yuborish” tugmasini bosing.
Ma’lumot uchun, kelib tushgan murojaatlar amaldagi Nizom talablari asosida, jumladan pedagogning malaka toifasi va ish staji kabi mezonlar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Yakuniy natijalar bo‘yicha pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga tegishli xabarnomalar yuboriladi.

